Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida sement importi uchun imtiyozlar muddati yana bir yilga uzaytirilishi ma’lum qildi, deb xabar bermoqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Qayd etilishicha, sement ishlab chiqaruvchilarga foyda solig‘i 20 foizdan 15 foizgacha, yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i esa 2 baravarga kamaytiriladi.

«Bu 1 tonna sementning ishlab chiqarish tannarxini 7 foizga qiskartirish imkonini beradi. Bular ham uylarning narxini sezilarli tushirishga olib keladi», — deya ta’kidlagan davlat rahbari.

Mart oyida «Gazeta.uz» 1 apreldan 1 oktabrgacha sement mahsulotlarini O‘zbekistonga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanilishi haqida yozgan edi. Bu mamlakatda qurilayotgan uy-joylar narxini arzonlashtirish maqsadida amalga oshirilishi aytilgan.

Hukumat 1 apreldan 1 dekabrgacha muddatda sement mahsulotlarini olib kirish uchun bojxona bojini bekor qildi. Bungacha boj stavkasi 30 foizni tashkil etgan edi.

2021 yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakatga 50,5 million dollarlik 1 mln tonna sement olib kirildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 515,1 ming tonnaga ko‘pdir. Taqqoslash uchun: 2020 yilda 131 mln dollarga 2,5 mln tonna sement import qilingan.

Avgust oyi oxirida 1 oktabrdan boshlab sement (klinker) ishlab chiqaruvchilar uchun foyda solig‘ining stavkasi 15 foizgacha pasaytirilishi haqida xabar berilgan edi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar import mahsulotlari bilan raqobatlasha olmayotgani uchun bu haqda prezidentdan tadbirkorlar bilan uchrashuvda so‘ralgan edi.