O‘zbekiston prezidenti raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Mazkur loyiha doirasida:

  • yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingan;
  • bundan buyon ekologiya, daraxt ekish va parvarishlash masalalariga shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari mas’ul bo‘ladi;
  • bugundan boshlab 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» e’lon qilinadi.

Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida — 16 mln tupdan, Andijon, Buxoro, Namangan, Farg‘onada — 15 mln tupdan, Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Sirdaryo, Xorazmda — 14 mln tupdan ko‘chat ekiladi.

Avgustda prezident topshirig‘iga ko‘ra, oktabr-noyabr oylarida 55 mln dona, kelgusi yil bahor mavsumida 70 mln dona tut, pavlovniya, mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek tez o‘suvchi va boshqa ko‘chatlar ekilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, yil yakuniga qadar shaharlar va tuman markazlarida 16 mln dona mevali, yong‘oq manzarali va daraxtlar buta ko‘chatlari ekish vazifasi qo‘yilgan edi.

Shuningdek, prezident har bir hududda «Yashil zamin» jamg‘armalari tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergani xabar qilingandi. Viloyat hokimlariga oktabr-noyabr oylarida jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kamida 5 mln tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish topshirig‘i berilgan edi. Har bir shahar va tuman markazida kamida 2 tadan «yashil maydon» va jamoat parklari tashkil etilishi aytilgan.

Bundan tashqari, daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirilishi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi belgilangan. Toshkent shahri va viloyat markazlarida ekologiya politsiyasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturida daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishini va’da bergandi. Prezident parklar va yashil zonalar hududini boshqa maqsadlar uchun ishlatish qat’iyan taqiqlanashini qayd etgan. Har yili kamida 200 mln tup daraxt ko‘chatlari ekilishi ta’kidlangan.

24 avgust kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev videoselektor yig‘ilishida Toshkentda yashil hududlar ulushi 26,4 foizni tashkil etib, poytaxtda yashovchi har bir odamga 36 kv. metrdan yashil maydon to‘g‘ri kelatganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichni London darajasiga olib chiqish uchun qariyb 1,5 mln tup «sifatli daraxtlar» ekilishi kerak.

31 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» bog‘ining ochilish marosimida Toshkent viloyatida «Yangi Toshkent» loyihasi amalga oshirilishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyiha 2−3 oyda ommaga taqdim etiladi va uni «bahavo joyda» qurish ko‘zda tutilgan. «Endilikda Toshkentda qurilish emas, yashil hudud barpo etiladi», — degan edi davlat rahbari.