Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda budjet tizimida moliyaviy nazoratni kuchaytirish masalasini muhokama qildi.

Moliya vaziri Timur Ishmetov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida 2021 yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi (davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, shuningdek, davlat dasturlarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni hisobga olgan holda, tashqi qarz hisobiga) 5,5−6% darajasida kutilayotganini aytdi. Prezident bu ko‘rsatkichni 2022 yilda 3 foizgacha kamaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.

«[Prezident] zarur hollarda qonun bilan budjet taqchilligi chegarasini 3 foizgacha belgilash va keyingi yillarda undan oshmaslik bo‘yicha qat’iy topshiriq berdi. Bu yo‘nalishda budjetning daromad qismini ijro etish bilan birga xarajatlarni ham qat’iy nazorat qilish topshirildi. Bu, asosan, vazirliklarning xarajatlariga, jumladan, qurilish ishlariga, umuman, joriy xarajatlarga taalluqlidir», — dedi Timur Ishmetov.

Moliya vaziri kelgusi yildan boshlab barcha vazirliklar uchun budjet mablag‘larini sarflash bo‘yicha asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni belgilash rejalashtirilganini ta’kidladi. Mazkur ko‘rsatkichlarning bajarilishini nazorat qilish Moliya vazirligi tomonidan Hisob palatasi bilan birgalikda amalga oshiriladi.

«Kelgusi yildan boshlab Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati, Hisob palatasi bilan birgalikda nazorat mexanizmini ishga tushirib, uning doirasida ajratilgan mablag‘lar haqiqatan ham joylarga yetib boryaptimi, bu xarajatlar e’lon qilingan maqsadlarga mos keladimi-yo‘qmi tekshiriladi», — deya ta’kidladi Moliya vaziri.

1 yanvardan boshlab Moliya vazirligi inson omilisiz o‘tkaziluvchi tender tizimini joriy etishi kerak. Shuningdek, Moliya vazirligiga barcha budjet tashkilotlarining buxgalteriya hisobini to‘liq raqamlashtirish, davlat xaridlari bo‘yicha to‘lovlarni elektron hisob-fakturalar orqali amalga oshirish topshirildi.

Dastlab, budjet taqchilligining maksimal hajmi YAIMga nisbatan 5,4 foiz miqdorida rejalashtirilgan bo‘lsa, iyun oyi oxirida Senat ushbu ko‘rsatkichni YAIMga nisbatan 5,5 foizga (32,8 trillion so‘m) oshirishni ma’qulladi. Bu Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan davlat dasturlari va qarorlarining ustuvor vazifalarini moliyalashtirishga 650 mlrd so‘m ajratilishi tufayli kamomadning ortib borayotgani bilan bog‘liq.

Joriy yilda budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,5 foizdan oshmasligini ta’minlash maqsadida hukumat tomonidan mutasaddi idora va idoralar rahbarlariga majburiy bo‘lmagan qo‘shimcha daromadlar olish va xarajatlarni optimallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.