Ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyev raisligida «Yangi O‘zbekiston» massivlarini barpo etish hamda «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yig‘ilish avvalida davlat rahbari «Inson qadri uchun» tamoyili asosida kelgusi besh yildagi barcha islohotlar aholiga munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilishini ta’kidladi.

«So‘nggi yillarda ipoteka dasturlari doirasida 140 mingdan ortiq uy-joy barpo etildi. Mamlakatda har yili 300 mingga yaqin nikoh qayd etilmoqda, aholi soni kelgusi besh yilda 38 mlnga yetishi kutilmoqda», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev aholini uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish uchun kelgusi besh yilda yiliga 80 mingtadan xonadon qurish zarurligini ta’kidladi.

«Joylardagi saylovoldi uchrashuvlarida har bir hududda barcha iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan «Yangi O‘zbekiston massivlari»ni barpo etish, bu orqali kelgusi besh yilda 250 mingdan ziyod xonadon qurish reja qilingan», — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu massivlar kompleks rivojlanish tamoyili asosida barpo etiladi. Bunda:

  • har bir massivga ajratiladigan yer uchastkalarida sanoat loyihalari, xizmat ko‘rsatish obyektlari va ijtimoiy infratuzilma bir vaqtda quriladi;
  • ko‘p qavatli uy-joy qurilishini investorlar o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi;
  • ipoteka kreditini berish uchun banklarga budjetdan auksion asosida resurs ajratiladi. Bunga Moliya vazirligi tomonidan 20 yil muddatga 11 trln so‘m yo‘naltiriladi;
  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish va Moliya vazirliklari ehtiyojmand aholiga subsidiya beriladigan uy narxini belgilaydi;
  • 2022 yilda ehtiyojmand 10 mingta oilaga boshlang‘ich badal va foizlarni subsidiyalash uchun budjetdan 1,5 trln so‘m ajratiladi.

Bundan tashqari, prezident yangi uy-joy massivlari narxini bu yilgi darajada ushlab qolish zarurligini ham ta’kidlagan.

«Uylar narxini barqaror saqlab turish maqsadida yangi uy-joy massivlarini ichki va tashqi infratuzilma bilan ta’minlashga budjetdan har yili 1 trln so‘m ajratiladi», — dedi u.

Tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan quruvchilarga Markaziy bank stavkasidan oshgan qismi 24 oy davomida qoplab beriladi. Bu maqsadlar uchun budjetdan 1 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, kelgusi yili yangi massivlarda qurilayotgan uylarning 1 mingtasi ehtiyojmand oilalar va yolg‘iz ayollar uchun davlat tomonidan kafolatli sotib olinadi. Buning uchun 220 mlrd so‘m mablag‘ qurilish tashkilotlariga oldindan o‘tkazib beriladi.