Qarshi tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i singlisiga tegishli fermer xo‘jaligiga gul ko‘chat buyurtma qilish bahonasida 149 mln so‘mni o‘zlashtirib yuborganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’uli Shodiyor Ahmedovga tayanib Daryo xabar berdi.

Fermer xo‘jaligi faoliyati o‘rganilganda gul ko‘chatlari yetishtirishga ixtisoslashuvi yo‘qligi, shtatda 1 nafar xodim borligi ma’lum bo‘ldi.

«Mas’ullar esa soxta hujjat bilan fermer xo‘jaligiga pul o‘tkazgan. Eng yomoni mas’ul idora vakillari — Moliya hamda g‘aznachilik organlari qarindosh-urug‘lar o‘rtasida shartnoma imzolanganiga e’tibor ham bermagan. Shu sabab bu holatga prokuratura e’tiborini qaratdik. Ayni kunda holat bo‘yicha Qarshi tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», — deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’uli Shodiyor Ahmedov.

Shuningdek, Shodiyor Ahmedovning ma’lumot berishicha, Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi mas’ullari tomonidan sakkizta holatda salkam 3,6 mlrd so‘mlik, maktabgacha ta’lim tizimida 537 mln so‘mlik, avtomobil yo‘llari boshqarmasida 561 mln so‘mlik, Nishon tuman Obodonlashtirish boshqarmasida 975 mln so‘mlik kamomadlarga yo‘l qo‘yilgan.

«Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Masalan Shahrisabz tuman hokimligida, Mirishkor, Qamashi tuman obodonlashtirish boshqarmalarida, Qamashi tuman hokimligiyu, Mirishkor tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limida, Xalq ta’limi tizimi hamda viloyat televideniyesida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunlar qo‘pol ravishda buzilgan», — deya qo‘shimcha qiladi agentlik mas’uli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shahrisabz tumanida 553 mln so‘mlik kutubxona qurilishi bo‘yicha talabgorlar uchun tanlov e’lon qilingan va e’lon muddati tugamasdan turib, qurilish ishlari boshlab yuborilgani, hatto ishlar 45 foizga bitgani ma’lum bo‘lgan.