Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2 noyabrdagi majlisida «Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi xalqaro tajribadan kelib chiqib, «Tirik donordan a’zolarni yoki to‘qimalarni transplantatsiya uchun olish faqat retsipiyentning sog‘lig‘ini ko‘zlab hamda muqobil davolash usuli mavjud bo‘lmagan taqdirda amalga oshirilishi mumkin», degan norma bilan to‘ldirildi.

Deputat Rasul Kusherbayevning qo‘shimcha qilishicha, endilikda donor sifatida o‘zidan a’zolari va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiya uchun olinishiga ixtiyoriy ravishda, bepul asosda, notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan inson tushuniladi.

Amaldagi tahrirda donor-bemorga transplantatsiya qilish uchun organlari, to‘qimalari va (yoki) xujayralarini o‘z ixtiyori bilan berayotgan inson tushunilib, u uch yildan ortiq nikohda bo‘lgan er-xotinlar va ularning oldingi turmushidan bo‘lgan farzandlari, to‘g‘ri va yon tarafdan bo‘lgan qarindoshlari, shuningdek, o‘gay ota, o‘gay ona, o‘gay o‘g‘il, o‘gay qiz va oila haqidagi qonun hujjatlariga muvofiq farzandlikka olingan bolalar tirik donor bo‘lishi mumkin edi.

Deputatlarning aytishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi a’zolar va to‘qimalar transplantatsiyasini bajarishdagi maqsadlar va shartlarni aniqlagan holda, kasallanish va a’zolardagi qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlar tufayli o‘limga olib keluvchi holatlarning qisqarishiga olib keladi.

Majlisda respublika markazlarida amalga oshiriladigan operatsiyalar turi 350 taga, viloyat markazlarida 130, tuman shifoxonalarida 60 taga yetgani, 32 ta shifoxonada esa endovaskulyar xirurgiya bo‘limlari tashkil etilgani qo‘shimcha qilingan.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.