Rossiya Harbiy-texnik hamkorlik federal xizmati direktori Dmitriy Shugayev RBK nashriga bergan intervyusida 2021 yilda O‘zbekiston va Qozog‘istonga qiruvchi samolyotlar va raketa komplekslari yetkazib berilganini ma’lum qildi.

«Misol uchun 2021 yilda Qozog‘iston va O‘zbekistonga Su-30SM samolyotlari, Mi-35M vertolyotlari, Buk-M2E zenit-raketa komplekslari, BTR-80 va BTR-82A zirhli transportyorlarni yetkazib berdik. Shu bilan birga ushbu davlatlarga „Orlan-10Ye“ ko‘p funksiyali uchuvchisiz kompleklari, „Tayfun-K“ yengil zirhli avtomobillari va o‘qotar qurollar ham yetkazilgan», — dedi Dmitriy Shugayev.

U shuningdek, joriy shartnomalarning qanchasi keyinga qoldirilgani haqidagi savolga ham javob bergan.

«Men aniq foizini ayta olmayman, chunki 2022 yil boshiga mo‘ljallangan shartnomalarni bajarish uchun ma’lum bir harakatlar amalga oshirildi. Shu tarzda biz muvozanatni saqlab qola oldik», — dedi u.

Rossiya Harbiy-texnik hamkorlik federal xizmati direktoriнинг qo‘shimcha qilishicha, ushbu mamlakatlar shartnoma majburiyatlaridan kelib chiqib, harbiy texnikalarni yetkazib berishni oshirish yoki qisqartirish borasidagi qarorni qabul qilgan.

«Ya’ni Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar, hamkorlarimiz, milliy qurolli kuchlarining ehtiyoji va qurish rejalaridan kelib chiqib, qancha qurol kerakligini o‘zlari belgilaydi. Bizning asosiy maqsadimiz — ushbu mintaqada barqarorlikni saqlash va tegishli majburiyatlarni bajarish», — deya ta’kidladi u.

Avvalroq, Dunyo armiyalari bo‘yicha Global Firepower Index — 2021 reytingida O‘zbekiston Qurolli kuchlari 140 davlat ichidan 51 o‘rinni, Markaziy Osiyo bo‘yicha esa birinchi o‘rinni egallagani haqida yozgan edik.

oktabr oxirida O‘zbekistonda masofadan boshqariladigan yirik kalibrli pulemyot namunasi ishlab chiqarilganini xabar bergan edik.