1 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda budjet parametrlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Davlat rahbari yig‘ilish davomida 2022 yilda mo‘ljallangan davlat budjeti loyihasida ta’lim va tibbiyot tizimiga 58 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilganligini bildirdi.

«Ta’lim va tibbiyot tizimiga hech qachon bunday pul bermaganmiz. Shu narsani xalqimiz bilishi kerak», — deydi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, bepul davolanish orderiga 600 mlrd so‘m ajratiladi.

«Bu ham yangilik bizning tizimimizda. Kasalni o‘ziga pul beramiz. „Bitta kasallik uchun 50 ming yoki 40 ming so‘m sizning ixtiyoringizda. Xohlasangiz tibbiyotni davlatnikiga, xohlasangiz xususiyga boring“, deymiz. Shunda sal bo‘lsa ham davlat idoralari tibbiyotining dunyoqarashi o‘zgaradi, degan fikrim bor mening», — deydi prezident.

Davlat rahbari o‘qituvchi va shifokorlarning maoshlari bosqichma-bosqich oshirilishini ta’kidlab, bu uchun 2022 yilda 350 mlrd so‘m ajratilishini aytdi.

«Endi har bir mahallaga pul beramiz. 10 100 ta mahallaga aylanma mablag‘. Har bir yo‘nalish bo‘yicha yo‘l xaritasi bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida o‘qituvchilarning maoshini 1000 dollarga yetkazmaguncha to‘xtamasligini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, u tibbiyotda yangicha tartib yo‘lga qo‘yilishini bildirgandi.

«Xalqimiz sodda, shifokor davlat tomonidan ajratilgan o‘nta doridan uchtasini bersa ham rozi bo‘lib ketaveradi. Endi yangicha tartib joriy qilamiz — pulni shifoxonaga emas, bemorga beramiz», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan yilning noyabrida o‘qituvchilar va shifokorlar bilan uchrashuvda prezident ularning maoshini oshirish bo‘yicha katta rejalar haqida e’lon qilgan edi. «O‘qituvchi 1000 dollar olmasa, ishga kelmasligi kerak. Xuddi shu holat shifokor bilan. Agar shifokor 1000 dollar olmasa, ertaga bolalari va nevaralarini qanday boqadi?» — degan edi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda poytaxdagi har bir mahallaga 10 mlrd so‘mdan ajratilishini ta’kidlagan edi.