Toshkent shahrida Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan 25 mingdan ortiq psixotrop dorilar savdosi aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir doirasida 26 oktabr kuni fuqarolar U.T. va M.M.lardan kuchli ta’sir qiluvchi, psixotrop modda bo‘lgan 7504 dona «Regapen» dori vositasi olib qo‘yildi. U.T.ning kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini saqlash joyidan 1650 dona «Tropikamid», 5617 dona «Selofen» va 756 dona «Regapen» dorilari borligi aniqlangan va protsessual tartibda rasmiylashtirib olib qo‘yilgan.

Foto: DXX matbuot xizmati

Shuningdek, 28 oktabr kuni yana bir holat qayb etilgan bo‘lib, fuqarolar J.Z., K.J. va X.K.lar tezkor tadbir davomida ushlanib, ulardan 1310 dona «Tropikamid», 2100 dona «Regapen» va 510 dona «Selofen» dori vositalari olib qo‘yilgan.

Bundan tashqari, 30 oktabr kuni esa fuqarolar Sh. Sh. va Sh. M.larning avtomashinadan 2000 dona «Tropikamid» va yashash manzilidan 4070 dona «Selofen» va 300 dona «Zardeks» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlangan va protsessual tartibda rasmiylashtirilib olib qo‘yilgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergov-surishtiruv jarayonlari olib borilmoqda.