Avvalroq, «O‘zbekneftgaz» raisi o‘rinbosari Muxtor Temirov 13-Qashqadaryo saylov okrugi matbuot markazi rahbari Jahongir To‘ychiyevni haqoratlab, Daryo muxbiri Otabek Qo‘ldoshevga nisbatan kuch ishlatgani haqida yozgan edik.

Ushbu holat «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida tuzilgan «Odob-ahloq komissiyasi» tomonidan o‘rganilmoqda, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, Mehriddin Abdullayev kompaniya tarixida ilk marta xalqaro «Fitch Ratings» va «S&P Global Ratings» kabi nufuzli kompaniyalar tomonidan «BB-» darajasidagi xalqaro kredit reytingi berilgan bir davrda bu holat sodir bo‘lganini «o‘ta og‘riqli qabul qilgan». U shuningdek, ushbu vaziyat jamiyatning OAVdagi imidjiga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlab o‘tgan.

Boshqaruv raisi buyrug‘i bilan jamiyat tizimidagi barcha mas’ul rahbarlarning OAV xodimlari, jurnalistlar hamda blogerlar bilan muloqot davomida avvalo hissiyotlar va taassurotlarga berilmasdan ochiqlik, oshkoralik tamoyillariga amal qilgan holda, har qanday vaziyatda ham xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘lish belgilab qo‘yilgani aytilmoqda.

«Bundan tashqari, «O‘zbekneftgaz» rahbari kompaniyada faoliyat yuritayotgan barcha mas’ul rahbarlar va xodimlar «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga qat’iy amal qilgan holda jurnalistning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur ekanligini va har qanday holatda jurnalistning jurnalistlik faoliyatiga aralashishni keskin qoralashini, buning uchun lavozimidan qat’iy nazar barchaga nisbatan chora ko‘rilishini ma’lum qildi», — deyiladi munosabatda.

Ta’kidlanishicha, jurnalistlar bilan bo‘lgan bu holat «Odob-ahloq komissiyasi» tomonidan batafsil o‘rganib chiqiladi va olib borilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.

Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, «O‘zbekneftgaz» xalqaro va mahalliy OAV vakillari, blogerlar, jamoatchilik faollari bilan o‘zaro hurmatga asoslangan ikkitomonlama hamkorlik, ochiq va shaffof muloqot qilishga doimo tayyor.

Bunga qadar, «O‘zbekneftgaz» raisi o‘rinbosari Muxtor Temirov va Daryo muxbiri Otabek Qo‘ldoshev o‘rtasidagi mojaroga press-tur vaqtida ajratilgan avtobusning «olib qo‘yilishi» sabab bo‘lgani aytilgandi.