Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Vazirlar Mahkamasining «Bozor va savdo komplekslari boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda ulardagi davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasini muhokamaga taqdim etdi.

Hujjatda bozorlar va savdo markazlarining ustav kapitalidagi davlat ulushi va aksiya paketlarini bosqichma-bosqich sotish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, birinchi bosqichda eksperiment doirasida davlat ulushi sotiladigan bozorlar va savdo markazlari ro‘yxatidagi obyektlarni zamonaviy ko‘rinishga keltirish, shu jumladan, ular negizida «hammasi bir joyda» tamoyili asosida savdo majmualarini tashkil etish sharti bilan sotish rejalashtirilmoqda. Prezidentning o‘tgan yilgi qarorida bozorlarni nafaqat savdo, balki dam olish va ko‘ngilochar markazga aylantirish belgilab qo‘yilgan edi.

Hujjatda 12 ta bozor va majmualarni yopish ham taklif qilingan.

Bundan tashqari, loyihaga ko‘ra, bozorlar faoliyati va mulkiy masalalar bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish va hal etish bo‘yicha hududiy komissiyalar tuzilishi kutilmoqda. Ularga hokimlar boshchilik qiladi.

Tadqiqot natijalari asosida ular aniqlangan muammolarni hal qilish bo‘yicha yo‘l xaritalarini tayyorlaydi. Jumladan, komissiyalar bozorlarni modernizatsiya qilish, infratuzilmani yaratish, xizmatlarni raqamlashtirish, dehqonlar, fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlar uchun shart-sharoit yaratish bo‘yicha talablarni, bozorlar va majmualarni xususiylashtirish shartlari, muddatlari va usullarini ishlab chiqadi.

Xususiylashtirishga qadar tayyorgarlik ko‘rish va bozorlarni sotuvga qo‘yish uchun Bozorlar va savdo majmualarini boshqarish ofisi tashkil etiladi. Zarur bo‘lganda, konsalting va auditorlik kompaniyalari bozorlarni baholashga jalb qilinadi.

Hujjatga ko‘ra, bozor va savdo komplekslarining ustav kapitalida davlat ulushi ustun mavqega ega bo‘lgan korxonalarning ulushi mavjud bo‘lganda, ularning ulushlari belgilangan tartibda boshqaruv organlari qarorlari asosida balans qiymatida ustav fondidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkazilib, yaxlit paketda savdoga chiqarish ko‘zda tutilgan.

Loyihada xususiylashtirish rejalashtirilgan bozorlar va savdo markazlari ro‘yxati keltirilgan. Ro‘yxatga 61 ta obyekt kiritilgan bo‘lib, ulardan 20 tasi Toshkent shahrida joylashgan. Bular orasida Toshkent shahrida joylashgan Mirobod dehqon bozori, Farhod dehqon bozori, O‘rikzor savdo komleksi, Oloy dehqon bozorlari mavjud.



Loyiha muhokamasi 16 noyabrga qadar davom etadi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov loyihaning «xom» ekanini qayd etib, bir qancha savollarni o‘rtaga tashladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bozorlarni eksperimental modernizatsiya qilish, jumladan, „hammasi bir joyda“ tamoyili bo‘yicha savdo markazlarini yaratish» iborasini turlicha talqin qilish mumkin. Xususan, bu bozorlar va savdo majmualarining qayta qurilishini yoki ularni ijaraga olish huquqini qayta sotib olinishi kerakligini anglatishi mumkin.

Bundan tashqari, Bakirov davlat yoki davlat korxonalari nazoratida bo‘lgan bozorlarning davlat ulushlari mahalliy hokimiyatlar ixtiyoriga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qarorni tanqid qildi. «Nega? Hokimlar yaxshiroq boshqaruvchi, samaraliroq menejermi? Keyingi besh yilda ular faqat bozor buzish va yangi bozor qurib joy sotishdan bo‘lak yana nimalar bilan mashg‘ul bo‘ldi? Nega bozorlarning ulushlari Agentlik ixtiyoriga o‘tkazilmayapti? Axir davlat aktivlarini boshqarish bo‘yicha professionallarning, mutaxassislarning aksari Agentlikda yig‘ilganku», — deydi iqtisodchi va bu qarorni «hokimlarning lobbisi bo‘lishi mumkin» deb atadi.

Otabek Bakirov hokimlarni hududiy komissiyalar raislari etib tayinlash to‘g‘risidagi qarorni ham tanqid qildi.

«Bozorlarning sotish muddatlari, usullari belgilanmagan. Agar shu tarzda qabul qilinsa, keyinchalik tender komissiyasining yopiq protokollari bilan bozorlar hokim va ularning yugurdak shotirlari qo‘liga arzimagan summaga o‘tib ketishi ehtimoli juda yuqori bo‘ladi. Maqsad o‘zi qanday? Samarali mulkdorlarni yaratishmi? Yoki bozorlarni mahalliy feodallar — sadoqatli va loyal hokimto‘ralarga topshirishmi?» — deya so‘ragan bloger.

Uning fikricha, xususiylashtirishdan asosiy vazifa — bozorlarni qimmat, juda qimmat narxda sotish. Buning uchun bozorlarni barcha toifadagi investorlarga hech qanday shartlar va to‘siqlar qo‘ymay ochiq va shaffof auksionlarda sotish kerak. Lekin bu qonun loyihasiga kiritilmagan.