Toshkent viloyati «Oybek» chegara-bojxona posti xodimlari tomonidan 156 kgga yaqin giyohvandlik vositalarini mamlakatga olib kirishga bo‘lgan urinishni aniqladi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 30 oktabr soat 15:00 da «Oybek» chegara bojxona postiga kirib kelgan fuqaro B.U. boshqaruvidagi «DAF» mashinasi o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Hujjatlarga ko‘ra, uzum ortilgan avtomashina tranzit orqali Rossiyaga yetib borishi kerak bo‘lgan.

«Yangiyo‘l» bojxona postida xodimlar tomonidan mashina ko‘zdan kechirilgan. Transportga ortilgan uzumlar tushirilgach, tirkamaning pol qismi ochib ko‘rilgan.


Polda yashirin bo‘lmalar hosil qilinib, ular orasiga esa yashil rangli yelim idishlar poliuretan ko‘pik ko‘magida zichlab joylashtirilgani aniqlangan. 141 dona yelim idishda idishi bilan hisoblaganda jami 156 kgga yaqin giyohvandlik vositalari borligi ma’lum bo‘lgan.

«Qayd etilishicha, idishlardagi giyohvandlik vositalarining hidini xizmat itlari payqamasligi uchun idish qopqog‘i maxsus smola, ya’ni qatron yordamida ishlov berilgani ma’lum bo‘lgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 149,76 kilogramm gashish, 4,44 kilogramm opiy va 1,52 kilogramm geroin giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan», deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.