Davlat statistika qo‘mitasining «Gazeta.uz»ga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020 yilning iyul oyida qayd etilgan o‘limlar soni ushbu oy bo‘yicha so‘nggi 4 yilgi (2016−2019) o‘rtacha ko‘rsatkichga qaraganda 3630 taga yoki 26,4%ga o‘sgan.

O‘zbekistonda o‘lim darajasi

«Gazeta.uz» Davlat statistika qo‘mitasidan so‘nggi besh yilning (2016−2020 yillar) yanvardan iyul oylarigacha bo‘lgan davri mobaynida o‘lim darajasi bo‘yicha ma’lumotlarni so‘radi va koronavirus pandemiyasi davrida turli sababli o‘lim holatlarining soni qanday o‘zgarganligini tahlil qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga binoan, 7 sentabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 356 nafar koronavirus bemorlarining o‘limi qayd etilgan. Iyun oyida 11 nafar bemor, iyulda 114, avgustda 173, sentabr oyining birinchi haftasida 30 nafar koronavirus bemori vafot etgan. Lekin Davlat statistika qo‘mitasi avgust va sentabr oylari uchun o‘lim holatlari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilmagan, shuning uchun iyun-iyul oylari bo‘yicha statistika inobatga olinadi.


«Gazeta.uz» tahlili shuni ko‘rsatdiki, 2020 yilning iyul oyida O‘zbekistonda qayd etilgan o‘lim holatlarining soni ushbu oy bo‘yicha so‘nggi 4 yilgi o‘rtacha ko‘rsatkichga qaraganda 3630 taga yoki 26,4 foizga o‘sgan, iyun oyida esa 1771 holatga yoki 14,7%ga.

Aholi sonining oshishiga qaramasdan, so‘nggi to‘rt yil davomida iyun oyida o‘lim holatlari soni kamayib borayotgan edi (2016 yil — 12809 o‘lim, 2017 yil — 12598, 2018 yil — 11610, 2019 — 11045), lekin 2020 yilda iyun oyida 13787 ta o‘lim holati qayd etildi — o‘tgan yilga nisbatan 2742 holatga yoki 24,8%ga ko‘proq.

Iyul oyida esa, o‘lim holatlari soni o‘rtacha 7%ga oshar edi (2016 yil — 12118 o‘lim, 2017 — 13844, 2018 — 14219, 2019 — 14777), lekin bu yil — o‘lim holatlari 17,5%ga o‘sdi yoki 17369 taga yetdi.

O‘lim holatlari oshishining sabablari

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi aynan iyul oyida katta qiyinchiliklarga duch keldi. O‘sha oyning boshida Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori va bosh infeksionist Erkin Musabayev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida sog‘liqni saqlash tizimi darz ketganligini, hamda kasalxonalar koronavirus bemorlarini davolashga ixtisoslashtirilgani uchun bilvosita qurbonlar (tibbiy yordam ololmagan oddiy bemorlar) sonining o‘sib borayotganligini ta’kidlagan edi.

Bir hafta o‘tgandan so‘ng koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, professor Habibulla Oqilov qayta ixtisoslashtirilgan kasalxonalarda koyka-o‘rinlar qolmaganligi va kuniga 1000 ta koronavirus holati aniqlana boshlasa sog‘liqni saqlash tizimi butunlay qulashi mumkinligi haqida aytgan edi.

Bundan tashqari, Habibulla Oqilov O‘zbekistonda koronavirusga PZR tahlillarini o‘tkazish bo‘yicha talabni qondirishda muammolar borligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 bilan kasallanishning real ko‘rsatkichlari rasmiy statistikadan yuqori bo‘lishi mumkin.

«Kuniga 20−22 mingta tahlil o‘tkazishimizga qaramasdan, biz talabni qondira olmayapmiz. Avvallari test natijasi 5−6 soatda chiqqan bo‘lsa, navbatlarning oshib ketganligi bois, PZR tahlili javobi 2−3 kundan bir haftagacha chiqmoqda. Bu vaqt orasida natijani kutayotgan bemor aholi orasida yuradi», — degan edi u.

1 iyuldan boshlab hukumat karantin choralarini qaytardi, keyin esa bosqichma-bosqich kuchaytira boshladi, ichki avia va temir yo‘l qatnovlari ham to‘xtatildi. Prezident bu choralarni belgilash zarurligini aytgan edi.

«Ko‘plab masalalar sababli biz cheklovlarni joriy qilishimiz zarur. Agar zararlanganlar soni shu darajada o‘sib borsa, viloyatlardagi va markazdagi kasalxonalarimiz bunchalik ko‘p kasallarni qabul qilishga tayyor emas. Lekin bir narsani bilinglar: bizda barcha zaxiralar mavjud», — deya ta’kidlagan edi davlat rahbari.

Koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy o‘zgarishlariga tayyor bo‘lishni ta’minlamagani, bu kasallik bilan «pastga tushib» mukammal shug‘ullanmagani uchun Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hayfsan e’lon qilindi. Poytaxt va Toshkent viloyatidagi barcha sektor rahbarlari qattiq ogohlantirish olishdi.

Tez yordam xizmatlariga murojaatlar soni oshganligi va mamlakatning barcha hududlaridagi tibbiyot muassasalarida joylar yetishmovchiligi bois, koronavirus bemorlarini taqsimlash markazlarini ochish, tez yordam xizmatlari uchun qo‘shimcha avtomobillar sotib olish, call-markazlarda xodimlar sonini oshirish, qator kasalxonalarni koronavirusga ixtisoslashtirish, mobil brigadalar tuzish, dori-darmon zaxiralarini yaratish va koronavirus tarqalishining oldini olish va bemorlarga yordam berish bo‘yicha boshqa choralar ko‘rildi. Bemorlarni davolashga harbiylar ham jalb etildi.

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev Toshkent shahridagi tez yordam xizmatiga har kuni 500 ga yaqin pnevmoniya bo‘yicha shikoyatlar kelib tushayotganligini ma’lum qilgan edi. O‘zbekiston hozirgacha Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari kabi pnevmoniya holatlarining statistikasini olib bormayapti.

Avgust oyi o‘rtasida mamlakatda holat yaxshilandi va karantin bosqichma-bosqich yumshatildi.

Iyul oyida kuniga 2dan 6gacha o‘lim holatlari qayd etildi.

Toshkent shahrida o‘lim darajasi



17 iyulga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi koronavirus holatlari bo‘yicha statistikani birgalikda berardi. 1 iyul holatiga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida umumiy 14 ta o‘lim holatlari qayd etilgan edi, oy oxiriga kelib esa 99 ta (poytaxtda 88, viloyatda 11 ta).

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida poytaxtda turli xil sababli o‘limlar soni so‘nggi to‘rt yil iyul oyiga nisbatan 2506 ta holatga yoki 165,8%ga o‘sgan. 2016−2019 yillarda o‘lim holatlari darajasi o‘rtacha 1511 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yil iyul oyida bu ko‘rsatkich 4017 taga teng bo‘ldi.

Iyun oyidagi o‘lim holatlari 2016dan 2018 yilgacha kamaygan (1421, 1301 va 1154), 2019 yilda esa kichik o‘sish kuzatilgan 1,6% (1173ga), bu yil esa o‘lim holatlari 10%ga o‘sgan, lekin so‘nggi to‘rt yil bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga taqqoslansa, o‘sish ahamiyatli emas (2,2%).

Toshkent viloyatida o‘lim darajasi


31 iyul holatiga ko‘ra, Toshkent viloyatida 11 nafar koronavirus bemori vafot etgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, 2020 yilning iyul oyida Toshkent viloyatida turli xil sababli o‘limlar soni so‘nggi to‘rt yil iyul oyiga nisbatan 633 holatga yoki 43,8 foizga o‘sgan. 2016−2019 yillarning iyul oyida o‘lim sonlari o‘rtacha 1443ga yetgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 2076 taga yetdi.

Iyun oyida o‘tgan yillarning o‘rtacha ko‘rsatkichiga nisbatan 118 ta yoki 9%ga ko‘proq o‘lim qayd etilgan.

Buxoro viloyatidagi o‘lim darajasi


Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 iyuldan 31 iyulgacha Buxoro viloyatida 5 nafar koronavirus bemori vafot etgan.

2020 yilning iyul oyida turli xil sababli o‘limlar soni so‘nggi to‘rt yil iyul oyiga nisbatan 346 holatga yoki 46,8 foizga o‘sgan. 2016−2019 yillarning iyul oyida o‘lim sonlari o‘rtacha 738ga yetgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 1084 taga yetdi.

Iyun oyida o‘lim holatlarining soni ham 198 kishiga yoki 32%ga o‘sdi.

Navoiy viloyatida o‘lim darajasi


Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 iyuldan 31 iyulgacha Navoiy viloyatida 3 nafar koronavirus bemori vafot etgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning iyul oyida turli xil sababli o‘limlar soni so‘nggi to‘rt yil iyul oyiga nisbatan 214 holatga yoki 51,7 foizga o‘sgan.

Iyun oyida o‘lim darajasi holati ham 65 taga yoki 19,7%ga o‘sgan.

Samarqand viloyatida o‘lim darajasi


Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 iyuldan 31 iyulgacha Samarqand viloyatida 1 nafar koronavirus bemori vafot etgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda 2020 yilning iyul oyida turli xil sababli o‘limlar soni so‘nggi to‘rt yil iyul oyiga nisbatan 298 holatga yoki 22,7 foizga o‘sgan.

Iyun oyida o‘lim holatlari 220 taga yoki 17%ga o‘sgan.

Andijon viloyatida o‘lim darajasi


Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 iyuldan 31 iyulgacha Andijon viloyatida 1 nafar koronavirus bemori vafot etgan, (iyun oyida — 0).

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda 2020 yilning iyul oyida turli xil sababli o‘limlar soni so‘nggi to‘rt yil iyul oyiga nisbatan 108 holatga yoki 8,5 foizga kamaygan.

Iyun oyida esa o‘lim holatlari soni 205 taga yoki 17,8%ga o‘sgan.

Qolgan hududlarda o‘lim darajasi



Oldinroq «Gazeta.uz» boshqa nashrlar singari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilinayotgan raqamlar vafot etgan barcha koronavirus bemorlarini qayd etmaganligi haqida yozgan edi.

Misol uchun, statistik ma’lumotlarda Chilonzor sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining bakteriologik labaratoriya rahbari Marxabo Axmedovaning, O‘zbekiston bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘istonning sobiq prokurori Xakimboy Xalimovning, Qoraqalpog‘iston davlat musiqa teatri direktori Janaboy Utepbergenov va boshqalarning ismlari yo‘qligi haqida aytilgan edi. Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan o‘lim tashxisi o‘lim haqidagi guvohnomada qayd etilgan tashxisdan farq qilishi haqidagi kamida bitta holat ma’lum.

Bundan tashqari, maxsus komissiyaning iyun oyidagi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ushbu hududlarda karantin qoidalariga to‘liq rioya qilinishi bo‘yicha shaxsan javobgar ekanliklari, COVID-19 tarqalishiga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan choralar ko‘rilishi, hattoki ishdan olinishi haqida ogohlantirilgan edi.

Avgust oyining oxirida esa prezident hokimlar va rahbarlarni koronavirusga bog‘liq real raqamlarni yashirish jinoiy javobgarlikkacha olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

«Gazeta.uz» Sog‘liqni saqlash vazirligiga ushbu statisikaga izoh berish uchun murojaat yo‘lladi.