AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan bayonotida «AQSh O‘zbekiston xalqini o‘z saylov huquqidan foydalanishda qo‘llab-quvvatlashi» va «hukumat bilan kelgusida hamkorlik qilish tarafdori» ekanini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev saylovdagi raqiblari bildirgan takliflar albatta inobatga olinishini ma’lum qildi. «Biz kecha raqobat qilgan bo‘lsak, endi bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak», — dedi u. Aholi tomonidan bildirilgan taklif va tanqidlarni «hayotimiz o‘zgargani, demokratik islohotlar natijasi» deb atadi. Shavkat Mirziyoyev g‘alabasini nishonlash marosimidan fotosuratlar.
Prezidentlikka nomzod Narzulla Oblomurodov Ekopartiyaning davlat rahbari saylovida ilk bor ishtirok etishini «tarixiy g‘alaba» deb atadi. U Shavkat Mirziyoyevni g‘alabasi bilan tabriklab, «Partiya saylangan prezidentning barcha g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini» aytdi.
Turkiya, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyevni saylovda g‘alaba qozonib, qaytadan O‘zbekiston prezidentligiga saylangani bilan muborakbod etmoqda.
O‘zbekistonda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining vakillari saylovlar «yuqori siyosiy, huquqiy va tashkiliy darajada o‘tganini» ta’kidladi. Ular shuningdek, mazkur saylovlar «raqobatbardosh, erkin, ochiq va oshkora bo‘lganini, demokratik saylovlarning umumiy e’tirof etilgan tamoyillariga to‘la javob berganini» qayd etishdi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston prezidenti lavozimiga qayta saylangani bilan iliq tabrikladi.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoyev bilan telefonda muloqot qilib, uni prezidentlik saylovlaridagi «ishonchli g‘alabasi» bilan tabrikladi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovidagi «ishonchli g‘alabasi» bilan tabrikladi.
«Gazeta.uz» muxbiri «Milliy tiklanish» partiyasidan nomzod Alisher Qodirov ovoz bergan Toshkentning Mirobod tumanida joylashgan 83-maktabdagi 116-saylov uchastkasida ovozlarni sanash jarayonini kuzatdi. O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev ushbu uchastkada 88% ovoz to‘pladi.
Saylov uchastkalarida pirometriya davomida 53 kishida tana haroratining ko‘tarilishi aniqlandi, deya xabar qildi SES rahbari Bahodir Yusupaliyev. Ushbu saylovchilar alohida xonaga ajratildi, ularga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatildi va bir vaqtning o‘zida yashirin ovoz berishlari tashkil etildi.
MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha, ayrim saylov uchastkalarida «oilaviy» ovoz berish holatlari uchramoqda. 519-saylov uchastkasida olingan videolavha ham tahlil qilingan. O‘rganish natijalari prokuraturaga yuborilgan.
15:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti saylovlarida ro‘yxatga olingan saylovchilardan 12 mln 748 ming 549 kishi, ya’ni ularning 64,2 foizi ovoz berdi.
Prezident saylovida 10 mln 462 ming 575 nafar fuqaro, ya’ni ro‘yxatga olingan saylovchilarning 52,7 foizi ovoz berdi.
Toshkentda O‘zbekiston prezidenti saylovi kuni qanday o‘tmoqda — «Gazeta.uz» muxbirlari obyektivida.
MSK ma’lumotlariga ko‘ra, soat 9:00 da O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayogan prezident saylovlarida saylovchilarning 12,3 foizi ovoz bergan. Eng past ko‘rsatkich — Toshkentda (7,2%), eng ko‘p ovoz berganlar — Farg‘ona viloyatida (16,9%).
Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsuda Vorisova prezidentlik saylovlarida o‘z ovozini berdi.
Ekologiya partiyasidan prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov Toshkent shahridagi saylov uchastkasida ovoz berdi.
O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida 2027 yilgacha mamlakatda kambag‘allikni kamida 2 baravarga kamaytirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, sud-huquq tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat boshqaruvini takomillashtirishni nazarda tutuvchi besh yillik Yangi O‘zbekiston strategiyasini e’lon qildi.
Saylovoldi tashviqotlarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tushlik bilan ta’minlashga va’da berildi. “Gazeta.uz” ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun davlat budjetining taxminiy xarajatlarini hisoblab chiqdi va bu fikrga qarshi bo‘lgan iqtisodchilarning fikrini keltiradi.
O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrifi chog‘ida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov MIR21YOYEV yozuvi tushirilgan futbolkada bo‘lgan suratlari e’lon qilindi. MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, qonunchilikda nima kiyish belgilanmagan va bu bo‘yicha e’tiroz bildirish noo‘rin. MSK doimiy a’zosi Xudoyor Mamatov futbolka «tashviqot materiali» sanalmasligini ta’kidladi. Bundan tashqari, MSK raisi o‘rinbosari amaldagi prezidentlik bilan nomzodlik o‘rtasidagi chegara hech qaysi davlatda aniq belgilanmaganligini qayd etdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting