O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturini e’lon qildi. Dastur doirasida kelgusi besh yillik uchun Yangi O‘zbekiston strategiyasi ishlab chiqilgan. «Gazeta.uz» mazkur strategiyaning eng muhim qismlarini taqdim etadi (nomzod biografiyasi va to‘liq dasturi bilan bu yerda tanishishingiz mumkin).

«Biz Yangi O‘zbekiston strategiyasini ishlab chiqdik va uni butun xalqimiz bilan birgalikda amalga oshiramiz».

Birinchi yo‘nalish. Ilm va innovatsiyalarga asoslangan yangi iqtisodiyotni barpo etish

Kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish ko‘zda tutilmoqda. 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4000 dollardan oshirish va «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirishga zamin yaratish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, sanoat ishlab chiqarishi hajmini 1,4 barobar va mehnat unumdorligini kamida 2 barobarga oshirish uchun sharoit yaratiladi. «Drayver» sohalarda «xomashyodan — tayyor mahsulotgacha» tamoyili asosida sanoat klasterlari tizimi rivojlantiriladi. Ilm-fanni rivojlantirish asosida sanoat tarmoqlariga eng zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish dasturlari ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish rejalashtirilmoqda.

Raqamli iqtisodiyot asosiy «drayver» sohaga aylantirilib, uning hajmini kamida 2,5 barobar oshirish belgilangan. Dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmi 5 marta, ularning eksporti 10 marta oshirilib, 500 million dollarga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.

«Har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxlarda yuqori tezlikdagi Internetga ulanadi, magistral avtomobil yo‘llari 100 foiz mobil aloqa va Internet bilan qamrab olinadi. Xalqaro magistral Internet tezligi — 5 barobar, tumanlararo tarmoqlar tezligi — 8 barobar oshiriladi.»

Strategiyaga muvofiq, 2022 yil yakuniga qadar «Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi» tamoyili asosida barcha davlat organlarida ish yuritish va aholi bilan hujjat almashish to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Elektron shakldagi davlat xizmatlarining ulushi 100 foizga yetkazilishi, jumladan, 700 dan ortiq davlat xizmatlaridan 100 tasini xususiy sektorga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Iqtisodiyotda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash maqsadida 2023 yil oxirigacha inflyatsiya darajasi 5 foizga tushirilishi belgilangan. Davlat budjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foizdan oshmasligi ta’minlanadi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yildan boshlab har bir tuman budjetining kamida 5 foizi yoki 1,5−2 trillion so‘m mablag‘ «Fuqarolar budjeti» dasturi doirasida aholining takliflari asosida eng dolzarb muammolarni yechishga sarflanadi.

Shuningdek, yangidan jalb qilinadigan yillik tashqi qarz miqdori 5 milliard dollardan oshmasligini ta’minlash rejalashtirilmoqda. Kapital olib kirishi bo‘yicha mavjud cheklovlar qayta ko‘rib chiqilib, barcha uchun qulay sharoitlar yaratish va fond bozori hajmini 7 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot xizmati

«Xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish Strategiyasi qabul qilinib, kelgusi besh yilda 120 milliard dollar, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish choralari ko‘riladi. Davlat-xususiy sheriklik asosida transport, yo‘l qurilishi, suv xo‘jaligi va boshqa sohalarga 14 milliard dollar investitsiya jalb etiladi», — deyiladi dasturda.

Dasturda belgilanishicha, 2022 yildan asosiy vositalar amortizatsiyasiga soliq imtiyozlarini kengaytirish orqali har yili qariyb 2 trillion so‘m mablag‘ tadbirkorlar ixtiyorida qoldiriladi. Hududlarda sanoat va infratuzilmani rivojlantirish uchun O‘zbekiston taraqqiyot banki tashkil etiladi.

Mamlakatning eksport salohiyatini 1,7 barobar oshirish va 2026 yilda 30 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar hajmini 2,5 barobarga oshirish belgilangan. Yevropa davlatlariga GSP+ tizimi doirasida 2 mingdan ziyod turdagi tayyor mahsulot eksport qilinishi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.

«„Yangi O‘zbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti“ g‘oyasi asosida 200 ta eksportchi ochiq tanlov asosida saralanib, ular yetakchi eksportyorlarga aylantiriladi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi».

Xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga, eksport bo‘yicha esa 60 foizga yetkazish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rilishi belgilangan.

«Energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlari erkinlashtirilib, sohaga xususiy investitsiyalar keng jalb qilinadi hamda ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun ijtimoiy iste’mol normalari kiritiladi. 2026 yilgacha elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi yiliga qo‘shimcha 30 milliard kilovatt soatga oshirilib, jami 100 milliard kilovatt soatga yetkaziladi», — deyiladi dasturda.

«Yashil iqtisodiyot» texnologiyalari barcha sohalarga faol joriy etilib, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish, havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 10 foizga qisqartirish ustuvor vazifa sifatida e’tirof yetilgan. Buning uchun quvvati 5 ming megavattdan ortiq bo‘lgan shamol, quyosh va gidro-elektrostansiyalar ishga tushirilib, yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gaz resurslarini tejash ko‘zda tutilgan.

2022 yilda Toshkent shahrida jamoat transporti yo‘nalishlarida 320 ta elektrobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

«Yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish maxsus jamg‘armasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

«Yirik korxonalarda kasbiy ta’lim markazlarini tashkil etish, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik, neft-kimyo, elektrotexnika kabi yetakchi sohalarda xo‘jalik birlashmalari va loyiha institutlari bilan birgalikda malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘ramiz» — deyiladi dasturda.

Ikkinchi yo‘nalish. Faol tadbirkorlik va manzilli moliyaviy ko‘mak vositasida kambag‘allikni qisqartirish

2026 yil yakuniga qadar kambag‘allikni kamida 2 barobar qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.

Tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida, tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot doirasida shakllantirilgan 7 ta yo‘nalish bo‘yicha 60 ga yaqin yangi tashabbus va takliflarni nazarda tutuvchi dastur amalga oshiriladi.

«2022 yildan boshlab korxonalarning mol-mulk solig‘i stavkasi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytirilib, tadbirkorlar ixtiyorida 500 milliard so‘m mablag‘ qoldiriladi. 2023 yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushiriladi, yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari birlashtirilib, yagona ko‘chmas mulk solig‘i joriy qilinadi».

Shuningdek, bank, moliya, telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Yo‘l qurilishi, issiqlik ta’minoti, obodonlashtirish xizmatlari singari 25 ta faoliyat turi bo‘yicha monopoliya tugatilib, ushbu sohalarda tadbirkorlar uchun keng yo‘l ochilishi rejalashtirilmoqda.

Har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga o‘qish imkoniyatini yaratish belgilangan. Kasbga o‘qitish ko‘lami 2 barobar oshirilib, jami 1 million nafar ishsiz fuqaroni kasb-hunarlarga o‘qitish va bu jarayonda nodavlat ta’lim muassasalarining ishtirokini 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

«Norasmiy sektorda ishlayotgan 2,5 million nafar fuqaroning bandligini legallashtirishga yordam berish orqali ularning ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan to‘liq foydalanishiga imkoniyat yaratiladi», — deyiladi dasturda.

Hududlarda servis sohalari ko‘lamini kengaytirish orqali xizmat ko‘rsatish hajmi 3 barobar oshirish va 3,5 millionta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan.

Dasturga muvofiq, jamiyatda ayollarning mavqeini oshirishga qaratilgan siyosat izchil davom ettiriladi.

Jumladan, ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 marta kamaytirish nazarda tutilgan.

Qad etilishicha, 700 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlar davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitiladi. Ehtiyojmand oilalarning qizlari uchun oliy ta’lim grantlari har yili oshirib boriladi va 2026 yilga qadar 6 mingtaga yetkaziladi. Kelgusi uch yilda uy-joyga muhtoj 10 mingdan ziyod xotin-qizlarga imtiyozli shartlar asosida uy-joylar ajratilishi rejalashtirilgan.

«Ehtiyojmand aholini ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan ta’minlash darajasi 60 foizdan 100 foizga yetkazilib, ularning barchasi davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam bilan ta’minlanadi. Bazaviy pensiya hajmini hisoblashda ish haqining chegaraviy miqdori 10 barobardan 12 barobargacha ko‘paytiriladi».

Shuningdek, uy-joyga muhtoj fuqarolarga turar joylarni ijtimoiy ijaraga berish tizimi joriy etish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini 3 barobar oshirishni ko‘zda tutuvchi Milliy dastur ishlab chiqilib, amalga tadbiq etish rejalashtirilmoqda

Uchinchi yo‘nalish. Qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish

Qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadlarini kamida 2 barobar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sish sur’atlarini kamida 5 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Jumladan, kelgusida qishloq xo‘jaligida davlat aralashuviga to‘liq barham berilib, mahsulot ishlab chiqarishni sanoat bosqichiga olib chiqish ko‘zda tutilgan.

«Davlat idoralari tomonidan narx belgilash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini majburiy sotib olish tizimi to‘liq bekor qilinib, erkin bozor munosabatlari joriy qilinadi», — deyiladi dasturda.

Qayd etilishicha, 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, ularni aholiga ochiq tanlov asosida 10 sotixdan 1 gektargacha uzoq muddatli ijaraga berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Intensiv bog‘lar 3 marta va issiqxonalar 2 marta ko‘paytirilib, eksport salohiyatini yana 1 milliard dollarga oshirish imkonini yaratish ko‘zda tutilgan.

Ilm-fan va innovatsiyaga asoslangan agroxizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Xususan, hududlarda agrosanoat korxonalarini xomashyo bilan ta’minlash va ishlab chiqarish hajmini 1,5 barobar oshirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

«Urug‘chilik, ko‘chat yetishtirish va chorva mollari zotlarini yaxshilash bo‘yicha milliy dastur amalga oshiriladi. Yuqori hosil beradigan g‘o‘za va g‘alla navlarini chetdan olib kelish va erkin joylashtirishga bosqichma-bosqich ruxsat etiladi», — deyiladi dasturda.

Shuningdek, nufuzli xalqaro ilmiy markazlar va oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Chorva uchun ozuqabop ekinlar maydonini ikki barobardan ziyod oshirib, 340 ming gektardan 700 ming gektarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Qayd etilishicha, 11 million gektar yaylovlarni qayta tiklab, hosildorligini oshirish choralari ko‘riladi. Go‘sht, sut, tuxum va baliq yetishtirish hajmi 1,5−2 marta ko‘paytiriladi.

Сув resurslarini boshqarish tizimi tubdan isloh qilinadi va yiliga kamida 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish bo‘yicha alohida davlat dasturi amalga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun kelgusi besh yilda 2 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

To‘rtinchi yo‘nalish. Sifatli ta’lim — inson kapitalini rivojlantirishning hal qiluvchi omili

Uzluksiz ta’lim tizimi uchun milliy o‘quv dasturini joriy etish, ta’lim sifatini oshirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilishi belgilangan.

Макtaбgaча ta’limdagi qamrov darajasi 80 foizga yetkazilib, 7 mingdan ziyod yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yil yakuniga qadar 6 yoshli bolalar maktabgacha tayyorlov tizimi bilan to‘liq qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.

Dasturga muvofiq, maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarining oylik maoshlari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

«Янги maktablar qurish, xususiy maktablarni ko‘paytirish va ta’lim sifatini oshirishni nazarda tutuvchi Maktablarni rivojlantirish davlat dasturini joriy etish orqali xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratiladi».

Oliy ta’lim tizimida qamrov darajasini 50 foizga yetkazish va ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot xizmati

Talabalarning yashash sharoitini yaxshilash maqsadida qariyb 100 ming o‘rinli talabalar turar joylari barpo etilishi rejalashtirilmoqda.

Qayd etilishicha, davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan bosqichma-bosqich mehnatga haq to‘lash, xodimlar soni, to‘lov-kontrakt miqdori va ta’lim shaklini mustaqil belgilash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi va ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizga tushiriladi.

Dasturga ko‘ra, 2026 yilgacha xususiy oliy ta’lim tashkilotlari soni kamida 50 taga yetkazilib, ularda ta’lim olayotgan talabalarga ham 7 yillik ta’lim kreditini olish imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali yoshlarni nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlaridagi bakalavriat, magistratura va doktoranturaga yuborish ko‘lami 2 marta oshiriladi.

Таълимniнг barcha bosqichidagi muassasalar va ularning xodimlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi.

Qayd etilishicha, doktoranturaga qabul davlat buyurtmasi va manfaatdor tashkilotlar mablag‘lari hisobidan to‘lov grantlari asosida joriy etiladi.

Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha har ikki yilda o‘tkaziladigan umumrespublika sport o‘yinlari — Milliy olimpiada tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Beshinchi yo‘nalish. Аҳоли salomatligini saqlash

Sog‘liqni saqlash tizimida yuksak natijadorlikka erishish, aholi o‘rtasida kasalliklarni kamaytirish, sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib qilish va o‘rtacha umr ko‘rish darajasini oshirish muhim vazifa sifatida e’tirof etilgan.

Тиббиёт sohasiga ajratiladigan mablag‘lar hajmini 2 barobar oshirish va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash ko‘zda tutilmoqda.

Dasturga muvofiq, reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilib, birinchi bosqichda 46 ta tumanlararo perinatal markazlar barpo etiladi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarni sog‘lomlashtirish uchun Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi va uning filiallari tashkil etiladi.

Tibbiy xizmatlarda xususiy sektorning ulushi 25 foizga етказиш rejalashtirilmoqda.

Dasturda 11 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasasi transformatsiya qilinib, ularning qoshida klinikalar tashkil etiladi hamda o‘qituvchilarning xorijda tizimli malaka oshirishi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Mamlakatda ishlab chiqariladigan dori-darmon va tibbiyot vositalari ularning umumiy hajmida 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining xalqaro maqomga ega 250 dan ziyod laboratoriyalari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Oltinchi yo‘nalish. Ҳудудларni mutanosib rivojlantirish

Dasturda hududlarni mutanosib rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

Qayd etilishicha, tuman va shaharlar kesimida 14 ta besh yillik hududiy dasturlar amalga oshiriladi.

Hududlarda aholining yashash sharoitini yaxshilash uchun urbanizatsiya siyosatini yanada takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.

«18 ta katta, 22 ta o‘rta va 80 ta kichik shaharlar o‘rtasida transport-logistika tizimi va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari amalga oshiriladi. Renovatsiya dasturlari asosida shaharlarda eskirgan uylar o‘rniga 19 million kvadrat metrdan ortiq zamonaviy uy-joylar barpo etiladi, 275 mingdan ziyod oila yangi massivlarga ko‘chib o‘tishi uchun sharoit yaratiladi».

Dasturda qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar, tuman va ovullarini kompleks tarzda rivojlantirishga har qachongidan ham ustuvor e’tibor qaratiladi.

Toshkent shahrini aholiga qulay, ekologik toza va yashash uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lgan hududga aylantirish borasidagi ishlarni davom ettirgan holda, jamoat transporti tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi, 3 ming kilometr ichki yo‘llar yangilanadi va 10 ta zamonaviy ko‘prik qurilishi rejalashtirilmoqda.

«Ko‘kalamzorlashtirish darajasi 30 foizga yetkazilib, 9 ta jamoat parki, 20 ta xiyobon, 250 kilometr velosiped va piyodalar yo‘lakchalari quriladi. Oqova suvini tozalash tizimi shahar hududidan tashqariga chiqarilib, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi inshootlar barpo etiladi» — deyiladi dasturda.

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida hududlarning «o‘sish nuqtalari»dan kelib chiqib, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurishga alohida e’tibor qaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Dasturga muvofiq, aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 87 foizga yetkaziladi. Maishiy chiqindilarni yig‘ish 100 foizga, uni qayta ishlash darajasi 21 foizdan 50 foizga yetkaziladi.

2026 yilda O‘zbekistonga keladigan xorijiy turistlar sonini 9 millionga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Dasturda Samarqand xalqaro aeroporti yirik transport xabiga aylantirilib, «Abadiy shahar» tarixiy majmuasini o‘z ichiga olgan «Samarqand turizm markazi» tashkil etilishi belgilangan.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot xizmati

Shuningdek, mamlakatdagi 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha davlat dasturi qabul qilinadi.

2026 yilgacha turizm sohasida band bo‘lgan aholi soni 2 barobar oshirilib, 520 ming nafarga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Respublikada turizm va madaniy meros obyektlari infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 1 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Qayd etilishicha, transport sohasida Toshkent va yirik shaharlar o‘rtasida kunlik qatnovlar bo‘yicha uzog‘i bilan 6−7 soatda manzilga yetib borish va qaytib kelish imkoniyatini yaratiladi.

Temir yo‘llarni elektrlashtirish darajasi 40 foizdan 60 foizga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, yuk tashish xarajatlari kamida 30 foizga kamaytiriladi, tranzit hajmi esa 15 million tonnaga yetkaziladi.

Xonadon, ko‘cha, mahalla, qishloq va shaharlarda yo‘l bo‘ylari va dala chetlariga har yili kamida 200 million tup daraxtlar ekish, hududlarimiz iqlimiga mos ko‘chatlarni yetishtirish, sug‘orish hamda parvarish qilish tizimi asosida «Yashil makon» umummilliy loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Dasturga muvofiq, daraxtlarni noqonuniy kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinib, parklar va «yashil zonalar» hududini boshqa maqsadlar uchun ishlatishga qat’iy taqiq o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 500 ming gektar yashil maydonlar barpo etilib, ularning umumiy hajmi 2,5 million gektarga yoki hududning 78 foiziga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Orolbo‘yida xalqaro «Yashil iqlim» va «Global ekologik jamg‘arma"larining bioxilma-xillik, iqlim o‘zgarishi va tuproq yemirilishining oldini olishga qaratilgan dasturlari asosida 300 million dollarlik loyihalar amalga oshirilishi qayd etilgan.

Yettinchi yo‘nalish. Yangi O‘zbekiston — xalqchil va insonparvar davlat

«Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida ixcham, professional, xalqimiz talablariga javob beradigan, adolatli, yuqori natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish muhim vazifamiz bo‘ladi», — deyiladi dasturda.

Mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tom ma’nodagi tayanch bo‘g‘iniga aylantirish maqsadida, tizimning huquq va vakolatlari kengaytirilib, moliyalashtirish manbalari va tartibi takomillashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Tuman, shahar hamda viloyat darajasida vakillik va ijro hokimiyati tizimini qayta ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlarida kamida 2−3 nafar deputat doimiy asosda ishlaydigan tartib joriy etiladi. Tuman va shahar hokimi lavozimiga nomzod tegishli Kengashda eng ko‘p deputatlik o‘rnini egallagan partiya guruhi tomonidan ilgari surilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2022 yildan eksperiment tariqasida 28 ta tuman va shaharda hududni rivojlantirish va muammolarni hal qilish bo‘yicha hokimliklarning vakolat va imkoniyatlari kengaytirilishi ko‘zda tutilmoqda.

«2022 yildan boshlab bog‘cha, maktab, sog‘liqni saqlash obyektlarini qurish va ta’mirlashga ajratiladigan mablag‘larni taqsimlash vakolati viloyatlarga beriladi».

Barcha bo‘g‘indagi ijro idoralari rahbarlari bir yillik ish dasturi va amalga oshiradigan loyihalarini jamoatchilikka ochiq e’lon qilib boradigan tizimni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Dasturda raqamlashtirish va qator funksiyalarni xususiy sektorga berish hisobidan davlat organlari amaldagi shtatlari qisqartirib borilishi belgilangan.

Kadrlar davlat xizmatiga tanlov asosida qabul qilinishi, uzluksiz malaka oshirish, samaradorlikni baholash va lavozim bo‘yicha o‘sishning aniq mezonlari belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, ish vaqti va mehnat me’yorlari bo‘yicha talablar qayta ko‘rib chiqiladi.

«Ijtimoiy soha obyektlarini qurish, „Obod qishloq“, „Obod mahalla“, hududiy infratuzilma dasturlari doirasidagi loyihalar ochiq e’lon qilinib, keng jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqiladigan tizim» yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar ajratish orqali nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash hajmini 2 barobar oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, dasturga muvofiq ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Xalq qabulxonalarining huquqiy maqomi oshirilib, «Xalqchil davlat» milliy dasturi qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.

«Huquq ijodkorligi va huquqni qo‘llash faoliyatini o‘rganish asosida „O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini rivojlantirish konsepsiyasi“ ishlab chiqiladi».

Sakkizinchi yo‘nalish. Adolat va qonun ustuvorligi

«Odil sudlov, inson qadr-qimmati va huquqlari oliy qadriyat sifatida sud-huquq sohasidagi islohotlarimizning asosiy mazmuni bo‘ladi», — deyiladi dasturda.

Dasturda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish doirasida ma’muriy sudlarning vakolatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

Fuqaro va tadbirkorlarning ovora bo‘lishiga chek qo‘yish maqsadida, ish fuqarolik, iqtisodiy yoki ma’muriy sudga taalluqli bo‘lishidan qat’i nazar, ariza «yagona darcha» asosida qabul qilinib, vakolatli sud tomonidan hal etilishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratish ko‘zda tutilmoqda.

«Prokuratura faoliyatini fuqarolarning qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga йўналтирishni ustuvor ahamiyatga ega vazifa sifatida qaraymiz. „Qonun — ustuvor, jazo — muqarrar“ tamoyili prokuratura organlari faoliyatining bosh mezoni bo‘ladi», — deya ta’kidlangan.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot xizmati

Ichki ishlar organlarini xalqqa va har bir oilaga yanada yaqinlashtirish, bu tizimni chin ma’noda xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida boshlangan islohotlarni izchil davom ettirilishi rejalashtirilmoqda.

Tizimda xodimlarning o‘z xizmat burchiga nisbatan mas’uliyat hissini oshirish maqsadida «Kasbiy madaniyat kodeksi» qabul qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Liberallashtirish siyosatining mantiqiy davomi sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotgan 10 ga yaqin qilmishlarni jinoyat toifasidan chiqarish va jazoni yengillashtiradigan holatlar sonini amaldagi 9 tadan 15 tagacha ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, gumon bilan ushlab turilgan shaxslarni hisobga olishning yagona elektron reyestri yaratilib, ma’lumotlar reyestrga kiritilmagan hollarda ushlab turish noqonuniy deb topilishi bo‘yicha tartib joriy etiladi.

Dasturga ko‘ra, «korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalarini» safarbar etiladi. Xususan, davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulki haqidagi ma’lumotlarni deklaratsiya qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Ma’lum qilinishicha, korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan shaxslarning ochiq reyestri yuritilib, ularning davlat xizmatiga kirishi, mas’ul lavozimlarga nomzodi ko‘rsatilishi cheklanadi.

«Davlat hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul yuridik yordam nafaqat jinoyat ishlari bo‘yicha, balki fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham ko‘rsatiladigan tizimni joriy etamiz. Advokatura sohasiga yosh kadrlarni jalb etish maqsadida yuridik staj haqidagi talab bekor qilinadi», — deya qayd etilgan.

To‘qqizinchi yo‘nalish. Хавфсизlik va ochiq, pragmatik faol tashqi siyosat

Tashqi siyosatda mudofaa salohiyati va harbiy qudratini yanada mustahkamlash, chuqur o‘ylangan va o‘zaro manfaatli tashqi siyosat yuritish bo‘yicha aniq va manzilli ishlarni davom ettirish ko‘zda tutilgan.

Qurolli Kuchlarning jangovar shayligi, imkoniyatlari va qobiliyatini kuchaytirishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqilib, amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Xususan:

  • havo hujumidan himoya tizimi yanada kuchaytiriladi;
  • chegaralar xavfsizligi yanada mustahkamlanadi;
  • harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimi har tomonlama kuchaytiriladi.

Dasturga muvofiq, tizimli va puxta o‘ylangan, pragmatik tashqi siyosiy va iqtisodiy diplomatiyani faol davom ettirilishi ko‘zda tutilmoqda.

«O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik strategiyasi ishlab chiqilib, unda quyidagi masalalarga alohida urg‘u beriladi:

  • o‘zaro savdo aylanmasi hajmini kamida 2 barobar oshirish;
  • sanoatda qo‘shimcha qiymat yaratish bo‘yicha yaxlit zanjirlarni va kooperatsiyani mustahkamlash;
  • transport sohasida tashqi savdo uchun «yashil koridorlar» hamda tranzit imkoniyatlarini kengaytirish;
  • xalq diplomatiyasi tamoyilini, jumladan, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi aloqalarni kuchaytirish".

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha aniq amaliy qadamlar qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot xizmati

«Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, jafokash afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ayamaymiz», — deyiladi dasturda.

«Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘lini qurish hamda energetika, savdo va sanoat sohalaridagi strategik loyihalar hamkorlikda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Dasturga ko‘ra, asosiy vazifasi xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo‘lgan Alisher Navoiy xalqaro institutini tashkil etilishi rejalashtirilgan.

O‘ninchi yo‘nalish. Madaniy-ma’naviy taraqqiyot

Ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni davr talablariga mos ravishda boyitish va rivojlantirish, shu orqali jamiyatning madaniy-ma’rifiy yuksalishiga erishishga qaratilgan «Yangi O‘zbekiston — ma’rifatli jamiyat» konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturini ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.

Dasturga muvofiq, «aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalash bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha» chora-tadbirlari kuchaytirilishi nazarda tutiladi.

Qayd etilishicha, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot va badiiy ijod sohalarining mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirishga qaratilgan dasturlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, madaniyat va sport muassasalari, teatr va muzeylarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot xizmati

«Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash, aholini turli mafkuraviy tahdidlardan, zararli oqim va g‘oyalardan himoya qilish masalalari bundan buyon ham ustuvor"lik berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, Yangi O‘zbekiston strategiyasi jamoatchilik tomonidan bildiriladigan fikrlar, taklif va tashabbuslar asosida yanada boyitilishi qayd etilgan.