24 oktabr kuni soat 20:00 da O‘zbekistonda prezident saylovida ovoz berish rasman yakunlandi. Shu vaqtdan boshlab saylov uchastkalarida ovozlarni sanash jarayonlari boshlandi. «Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipov Toshkentning Mirobod tumanidagi 83-maktabning 116-uchastkasida bo‘ldi, u yerda «Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlikka nomzod, ushbu partiya yetakchisi Alisher Qodirov ovoz berdi.

Saylov uchastkasiga Alisher Qodirov turmush o‘rtog‘i M.Qodirova bilan keldi, Daryo.uz`ning ma’lumotlariga ko‘ra, u ushbu maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi.


Marhabo Piryazova (oq qostyumda).

Soat 20:00 da uchastka saylov komissiyasi raisi Marhabo Piryazova uchastka yopilishini e’lon qildi. Partiyaning ishonchli vakillari, kuzatuvchilar va OAV vakillari ishtirokida saylov qutisi koridorga ko‘chirilib, uchastka xodimlari va kuzatuvchilar o‘rtasidagi bo‘shliq kichik panjara bilan o‘rab qo‘yildi.

Partiya kuzatuvchilari va ishonchli vakillari sanash jarayoniga unchalik qiziqish bildirmadi. Ularning barchasi to‘siq ortida edi — hech kim undan o‘tib, stolda nima bo‘layotganini ko‘rishga harakat qilmadi.

Komissiya a’zolari saylov byulletenlarini har bir nomzod uchun alohida-alohida taxlamga bo‘lib tarqatdi va ovozlarni sanab, yaroqsiz (buzilgan) byulletenlarni chetga surib qo‘ydi. Ushbu jarayonning o‘rtalarida taxlamlarning balandligi bo‘yicha, uchastkada kim g‘olib bo‘lganligi aniq bo‘ldi.

Taxminan soat 20:45 da saylov uchastkasi boshlig‘i Marhabo Piryazova 116-sonli saylov uchastkasida ovoz berish natijalarini e’lon qildi. Bayonnoma ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda saylovchilarning 96,2 foizi (ro‘yxatga olingan 2661 nafar saylovchidan 2561 nafari) ishtirok etdi. 111 kishi muddatidan oldin ovoz berdi. 113 ta byulleten ishlatilmay qoldi, 9 tasi buzilgani uchun yaroqsiz deb topildi.

Ovozlar quyidagicha taqsimlandi:

  • Shavkat Mirziyoyev (O‘zLiDeP) — 2254 (88,01%);
  • Alisher Qodirov (Milliy tiklanish) — 103 (4,02%);
  • Maqsuda Varisova (XDP) — 84 (3,28%);
  • Bahrom Abduxalimov («Adolat») — 63 (2,46%);
  • Narzullo Oblomurodov (Ekologik partiya) — 48 (1,87%).

Natijalar e’lon qilinishi natijalari bo‘yicha tomonlarning ishonchli vakillari bayonnomaning nusxalarini olishdi va uchastkani tark etishdi.

Yakshanba kuni soat 20:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti saylovida mamlakat ichidagi saylov uchastkalarida 16 mln 36 ming 914 kishi ovoz berdi, bu ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilarning 80,8 foizini tashkil qiladi. Saylovning dastlabki natijalari 25-oktabr kuni taxminan soat 16:00 da e’lon qilinadi.