Saylovchilar bilan uchrashuvlarda amaldagi davlat rahbari va O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 1−4-sinf o‘quvchilari uchun avval Qoraqalpog‘istonda, keyin Xorazm viloyatida bepul ovqat berishni va’da qildi.

Shunga o‘xshash taklif — barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul nonushta haqida — O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsud Varisova tomonidan aytilgan. Saylovoldi dasturida u “maktab va maktabgacha ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilarni sifatli va sog‘lom oziq-ovqat bilan kafolatli ta’minlash”ni va’da qilgan.

Tashabbus narxi

Shavkat Mirziyoyev Bo‘zatov tumanida saylovchilar bilan uchrashuvda Qoraqalpog‘istonda 1−4 sinf o‘quvchilarining bepul tushligi uchun yiliga 100 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qildi.

“Gazeta.uz” Xalq ta’limi vazirligidan maktab o‘quvchilari soni haqida ma’lumot olish va bu tashabbus davlat budjetidan qancha xarajat talab etishini hisoblab chiqdi.

2021-yil 20-sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston maktablarida 1 -sinfdan 11 -sinfgacha bo‘lgan umumiy 6,24 mln o‘quvchi o‘qiydi. Ulardan 2,45 millioni boshlang‘ich sinf o‘quvchilari (1−4-sinflar) hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston maktablarida 1 -sinfdan 11 -sinfgacha bor -yo‘g‘i 354,6 ming o‘quvchi, shu jumladan 140,2 ming boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘qiydi. Agar 100 mlrd so‘mni boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining soniga bo‘lsak, unda har bir o‘quvchining ovqat narxi yiliga taxminan 713,2 ming so‘mni tashkil qiladi.

Agar ushbu ma’lumotlar 136,2 ming boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘qiyotgan Xorazm viloyati kesimida ko‘rib chiqilsa, unda har yili davlat budjetidan qariyb 97,14 mlrd so‘m ajratish kerak bo‘ladi. Bu miqdor har yili o‘quvchilar sonining ko‘payishi bilan ortadi.

Sirdaryo viloyatida 59 ming boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bor, bepul ovqatlanish narxi 42,1 mlrd so‘mni tashkil qilishi mumkin.

“Gazeta.uz” hisob-kitoblariga ko‘ra, barcha 1−4-sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik yiliga 1,74 trln so‘mni tashkil qilishi mumkin (Markaziy bankning 23-sentabrdagi kursi bo‘yicha 163,8 mln dollar).

bepul tushlik, сайлов 2021

Manba: “Gazeta.uz” XTVning maktab o‘quvchilari soni haqidagi ma’lumotlariga asoslangan ko‘rsatkichlar.

Mutaxassislar fikri

Iqtisodchi va “Bakiroo” blogi muallifi Otabek Bakirov nomzodlarning saylovoldi va’dalari “borgan sari xarajatli bo‘lib borayotgani” haqida yozgan.

U maktab o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish O‘zbekistonda bundan oldinam ham bo‘lganini eslatdi. 1991−1993-yillarda sotsialistik narxlarning erkinlashtirilishi sharotida Islom Karimov ijtimoiy siyosatining bir qismi o‘laroq maktablarda beshinchi sinfgacha o‘quvchilarga bepul nonushta berilgan, talabalar oshxonalarida esa arzonlashtirilgan yemaklar tashkil etilgan.

“O‘sha davrlarda maktab o‘quvchisi sifatida eslayman. Qishloq joylarda o‘quvchilarga sut va bulochka berilardi. Ko‘pchilik uyida sigir bo‘lgani uchun sut ko‘pincha ichilmasdi, yana svet yo‘qligi uchun qaynatishda muommolar bo‘lardi. Bulochka yeyilardi (non, ayniqsa oqnon, bulochka rostanam jiddiy muammo edi). Ba’zi kunlari non kombinati ishlamay bulochka kelmasdi. Yoki maktabda ichish tugul, idish yuvishga suv topilmasdi”, — dedi u.

Ko‘p maktablarda elementar bufet va oshxona yo‘q, umuman nonushta tayyorlashga svet, suv, gaz kabi sharoitlar kerak bo‘ladi. “Keytering xizmati-chi dersiz. Yo‘q. Toshkentdagi davlat buyurtmalarini emishga ixtisoslashgan uch-to‘rt firmani aytmasa, keytering bozori viloyatlarga va tumanlarga yetib bormagan”, — qayd etdi u.

Muallifning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston aholisida, hatto Xorazm va Qoraqalpoqda ham 90-yillardagi kabi ochlik va to‘yib ovqat yemaslik muammosi mavjud emas. “Muammolarimiz yetarlicha, lekin harqalay bolalarimiz ochmas”.

Bepul nonushta ma’murchiligi o‘ta qimmat, samarasi esa o‘ta savolli xarajat bo‘ladi. O‘ta muvaffaqiyatli kechgan tarzda ham hokimlarning cho‘ntagi bo‘lgan firmalarning budjet emadigan qo‘shimcha daromad vositasiga aylanadi, deb hisoblaydi Otabek Bakirov.

“Shunday ekan, agar bolalarimizning ratsioni bizni o‘ylantirayotgan bo‘lsa, kam ta’minlanganlar va bolalar puli summasini ko‘paytirish samaraliroq ko‘rinadi. Ma’murchilik risklari ham karrasiga kam”, — ta’kidladi u.

“Karimov bepul nonushta tizimidan 1994-yildayoq voz kechgan”, — deb eslatdi u.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher haqidagi hikoyani eslatdi, u 1971-yilda boshlang‘ich maktablarda bepul sut tarqatishni bekor qilganida jamoatchilik tomonidan qattiq tanqid qilingan edi

“Tetcher sutni olib qo‘yib to‘g‘ri qilgan edi. Qarorlarni niyatlar bilan emas, oqibatlar bilan baholash kerak. Qoldirish „yaxshi“ eshitilar edi, lekin tentaklik bo‘lar edi. Siyosatchi Tetcher uchun xato edi, ha, lekin to‘g‘ri qaror edi (Siyosiy meros) Jamiyat uchun to‘g‘ri edi”, — deb yozdi u Twitter`da.

“Ota-onalar sut bera olgan, maktab qura olmagan lekin, deb qayd etdi iqtisodchi.

“Sutni qoldirib, maktablar qurmaslik va kitob bermaslik oson ish bo‘lar edi, axir siyosatda „shu pulga qilsa bo‘ladigan“ narsalar ko‘rinmaydi. O‘sha payt — sut tarqatishga hukumat 14 million funt sarf qilar edi, kitoblarga yarmidan kam. Sut berish ta’lim xarajati emas, ijtimoiy xizmat edi. Tetcher shuni tushungan va ta’lim budjetidan sutni to‘g‘ri kesgan”, — ta’kidladi u.

“Ko‘p bolalar juda yomon sharoitda o‘qiydi — menimcha, maktablarni to‘g‘rilash bizning birinchi ishimiz”, — yakunladi Behzod Hoshimov.

To‘lib ketgan maktablar

May oyi boshida xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda o‘quvchilar soni (6,24 mln) maktablarning loyihaviy quvvatidan (5,06 mln) sezilarli darajada ortib ketganini ma’lum qilgan edi. U maktablarda joy yetishmayotganining ikki asosiy sababini aytgan edi. Birinchisi — aholi sonining ko‘payishi, ikkinchisi — 9 yillik ta’limga o‘tish (hozirda mamlakat 11 yillik maktabga qaytdi), uchinchisi-maktab binolarini boshqa idoralarga o‘tkazish.

“Shuning hisobiga ham maktablarimizning 70 foizdan ortig‘i ikki smenada ishlaydi. Hamma bir smenada bo‘lsin, deb aytishga harakat qiladi. Bu oson emas, bunga juda katta resurs talab qilinadi. Kelgusi yillarga prognoz qiladigan bo‘lsak, hozirgi shu tendensiya bo‘yicha ketsa, oradagi bu farq kattalashib boraveradi va o‘quvchi soni bilan o‘quvchi o‘rni o‘rtasidagi farq hozir bir mln bo‘lsa, 2025-yilga kelib 2 mlnga chiqishi mumkin. Bu degani, maktablar sig‘imidagi holat juda qiyin ahvolga tushib qolishi mumkin”, — degan edi Sherzod Shermatov.

Vazirning ta’kidlashicha, 2018−2020-yillarda 2615 ta maktabni rekonstruksiya qilish va qurish uchun 2016-yilga va o‘tgan yillarga nisbatan 3−4 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgan. 2021-yilda investitsiya dasturi doirasida 689 ta maktabni ta’mirlash, 23 tasini qurish rejalashtirilgan.

“Shu bilan birgalikda, aholining o‘sishi va yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar hisobiga 3000 dan ortiq ta’mirtalab maktab bor (135 tasini qurish, 1177 tasini rekonstruksiya qilish, 1695 tasini kapital ta’mirlash kerak). Ularning yoniga sport zali, oshxonasi, burjuy pechkasi, atrofini o‘rashi kabi muammolarni qo‘shsak, taxminan 36 trln so‘m (Markaziy bankning 4-maydagi kursi bilan 3,44 mlrd dollar) mablag‘ talab etiladi. Lekin bizning bir yillik investitsiya dasturimiz 2 trln so‘m atrofida mablag‘ bo‘ladi”, — degan edi u.

XTV rahbari deputatlardan davlat budjetini tasdiqlashda maktablarni rekonstruksiya qilish va qurish uchun ajratiladigan mablag‘larni, shu jumladan mahalliy budjetlar darajasida ko‘paytirishni so‘ragan.

May oyida prezident Shavkat Mirziyoyev ham respublikadagi maktablar sharoitining yomon ahvoldaligi masalasi dolzarbligicha qolayotganini ta’kidlagandi. “Meni nima qiynaydi desangiz, aytaman: maktabdagi sharoit. Maktabdagi ahvollarni ko‘rsa, odam tavba deb yuboradi. Hozirning o‘zida maktabni ta’mirlash, uyoq-buyog‘ini suvash uchun 30 trln so‘m kerak bo‘lyapti”, — degandi u.