Prezidentlikka nomzod, Ekologik partiya yetakchisi Narzulla Oblomurodov yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston prezidenti saylovi natijalari bo‘yicha izoh berdi, deya xabar qildi Kun.uz.

«O‘zbekiston ekologik partiyasi birinchi marta prezident saylovida ishtirok etdi. Men shu ishtirokimizning o‘zini tarixiy voqea va tarixiy g‘alaba deb baholayman va mana shu g‘alaba bilan barchangizni chin yurakdan samimiy tabriklayman», — dedi prezidentlikka nomzod saylovdan keyingi brifingda.

Narzullo Oblomurodov saylov milliy qonunchilik va umum’etirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuqori darajada tashkil etilgani, ochiqlik va oshkoralik, barcha nomzodlarga teng sharoitlar yaratilgan bir muhitda o‘tganini qayd etdi.

Ekopartiya yetakchisi ovoz berish jarayonida biror qonun buzilishi holatlari kuzatilmaganini ta’kidladi.

«Biz kelgusida saylangan Prezidentning barcha g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda jonajon O‘zbekistonimiz taraqqiyoti va xalqimizning porloq kelajagi yo‘lida bor kuch va g‘ayratimizni ayamasdan mehnat qilishimizni bildiraman», — dedi Narzullo Oblomurodov.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev saylovda 80,1 foiz ovoz to‘pladi. Boshqa nomzodlar quyidagi ovozlarni to‘plashdi: XDPdan nomzod Maqsud Varisova — 6,6%, «Milliy tiklanish» yetakchisi Alisher Qodirov — 5,5% va «Adolat» sotsial -demokratik partiyasi rahbari Bahrom Abduxalimov — 3,4%.