Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti dushanba kuni O‘zbekistonda yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari natijalari bo‘yicha bayonot berdi.

Bayonotda aytilishicha, AQSh «O‘zbekiston xalqining 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida ovoz berish huquqidan foydalanishini qo‘llab-quvvatlaydi».

Davlat departamenti Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasining ovoz berish tinch o‘tgani va saylovchilarning yuqori faolligi bilan tavsiflangani haqidagi kuzatuviga qo‘shildi. Shu bilan birga AQSh YeXHT missiyasining saylovlar haddan tashqari cheklangan siyosiy muhitda o‘tgani va saylovning muhim kafolatlariga e’tibor qaratilmagani haqidagi fikrlariga qo‘shilishini ta’kidladi.

Davlat departamenti O‘zbekiston hukumatining YeXHT-DIIHB kuzatuv missiyasi bilan hamkorligini ma’qulladi va YeXHTning saylovlar, fuqarolik va siyosiy huquqlarni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi.

«Biz O‘zbekiston hukumati bilan ushbu va boshqa ko‘plab ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish tarafdorimiz», — deyiladi bayonotda.

Prezident saylovi arafasida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev 2019 yilgi parlament saylovi yakunlariga ko‘ra YeXHT-DIIHB missiyasi tomonidan mamlakat saylov qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha 32 ta tavsiyalar kiritilganini ma’lum qilgan edi. O‘zbekiston 18 ta tavsiyani to‘liq va 3 ta tavsiyani qisman qabul qilgan, 8 ta tavsiya ko‘rib chiqilmoqda.