O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan prezidentlik saylovlarida ayrim fuqarolar tomonidan «oilaviy» ovoz berish, ya’ni bir kishi bir nechta byulletenlarini to‘ldirish holatlari aniqlanmoqda. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov brifingda ma’lum qildi.

Oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi 519-saylov uchastkasida olingan videolavha tarqatildi. Unda kichkina o‘g‘li bilan saylov uchastkasiga kelgan erkak kishi qo‘lida ikkita pasport bilan ro‘yxatdan o‘tgani, uchastka komissiyasi a’zolari esa unga e’tiroz bildirmagani ko‘ringan. Keyin erkak va uning o‘g‘li byulletenni to‘ldirib, ovoz berish qutisiga uni tashlagan.

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov MSK, OSK bilan birgalikda saylov jarayonlarining hammasini monitoring qilib borayotganini va ijtimoiy tarmoqlarda kelib chiqayotgan xabarlar, suratlar va videolarni o‘rganilayotganini ta’kidladi.

«Bugungi Toshkent shahridagi 519 saylov uchastkasidagi chiqqan videolavhalar ham tahlil qilindi. O‘rganish natijasi bo‘yicha to‘plangan materiallar prokuratura organlariga topshirildi. Ta’kidlash joizki, ko‘rilgan keng targ‘ibot va tashviqot ishlariga qaramasdan ushbu salbiy amaliyotdan hali-hanuz to‘laqonli voz kecha olmaganimizni ko‘rsatmoqda», — dedi u.

MSK raisi o‘rinbosari fuqarolardan «Bir saylovchi — bir ovoz» tamoyiliga qat’iy rioya qilishlarini yana bir bor so‘rab qoldi.

Uning ta’kidlashicha, Markaziy saylov komissiyasi kelgusidagi faoliyatida ham «O‘zbekiston saylov amalimyotida „oilaviy ovoz berish“ kabi salbiy jihatlarni batamom yo‘q qilish yuzasidan tizimli choralar ko‘rishni davom ettiradi».

Bahrom Qo‘chqorov ovoz berish natijalarini soxtalashtirishga qarshi kurashning eng samarali yo‘li jamoatchilik nazorati ekanligini qayd etdi.