24 oktabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga bir qator xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar tashrif buyurib, saylov jarayonlarini kuzatdilar.

MDH Kuzatuvchilar missiyasi rahbari, Boshqaruv raisi Sergey Lebedev bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Saylov kodeksi talablariga to‘liq rioya qilgan holda amalga oshirilganini ta’kidladi. Lebedevning so‘zlariga ko‘ra, ular «raqobatbardosh, erkin, ochiq va oshkora bo‘ldi, shuningdek, demokratik saylovlarning umumiy e’tirof etilgan tamoyillariga to‘la javob berdi».

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) Bosh kotibining o‘rinbosari, SHHT kuzatuvchilar missiyasi rahbari Yerik Ashimov prezidentlik saylovini kuzatish taklifini «O‘zbekiston rahbariyatining ochiqlik, oshkoralik va demokratik saylovlarni maksimal darajada ta’minlash istagi» sifatida baholadi. Ta’kidlanishicha, SHHT missiyasi O‘zbekistonda saylov qonunchiligi va saylovlarni o‘tkazish amaliyotini chuqur tahlil qildi.

«Missiya O‘zbekiston prezidenti saylovi O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligi talablariga va mamlakat o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarga muvofiq o‘tganini ta’kidlaydi. Missiya tomonidan saylovining qonuniyligiga shubha tug‘diradigan milliy qonunchilik normalari buzilganligini qayd etilmadi. O‘zbekiston prezidenti saylovini oshkora, ishonchli va demokratik tarzda o‘tkazilganinitan oladi», — deyiladi xabarda.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Xusrav Noziri O‘zbekistonda prezident saylovlari yuqori siyosiy, huquqiy va tashkiliy darajada o‘tganini ta’kidladi. U aholining saylov jarayoniga faol ishtirok etishini alohida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovlar xalqaro standartlar va me’yorlarga to‘la mos holda tashkil etilgan.

Avvalroq, Rossiya Federal Kengashi qo‘mitasi raisi rinbosari Farit Muxametshin O‘zbekistonda prezident saylovlari xalqaro standartlarga mos o‘tkazilganini ta’kidlagan edi. Uning fikriga ko‘ra, nomzodlar ilgari surgan dasturlar umuman olganda «o‘zbek xalqining kutilmalariga javob beradi».

YeXHTning maxsus koordinatori Reynxold Lopatka O‘zbekistondagi saylov jarayonining yaxshilanganini qayd etgan. «Sizlar to‘g‘ri yo‘ldasizlar, lekin bu oxirgi qadam emas, navbatdagi qadamlarni ham qo‘yish kerak», — dedi u. Shu bilan birga u ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tgan edi.

Reynxold Lopatkaning fikriga ko‘ra, saylov kampaniyalari davomida prezidentlikka nomzodlarning mulohazalarida katta farqlar kuzatilmagan.

«Avstriyada nomzodlar o‘rtasida raqobat va kurash ancha kuchliroq. Garchi siz saylangan prezident bo‘lsangiz ham, boshqa nomzodlar kampaniya davomida siz haqingizda tanqidiy fikrlar bilidirishi mumkin. Bu mening yurtim va O‘zbekiston o‘rtasidagi katta farq», — degan edi u.