22 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda Amudaryo ustidan o‘tuvchi ko‘prik qurilishi jarayonlari bilan tanishdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati e’lon qilgan suratlarda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov MIR21YOYEV yozuvi tushirilgan futbolkada yurganini ko‘rish mumkin. Ayni shu futbolkada aks etgan yozuv, avvalroq, O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi kampaniyasi logotipi sifatida taqdim etilgan edi.

Rasmning orqa planida o‘ngdan birinchi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov va uning yonida Mass-media Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Saylov kodeksining 44-moddasiga ko‘ra, saylovoldi tashviqotini olib borishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.

«Gazeta.uz» muxbirining so‘roviga javoban Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisining o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning ushbu holatga o‘z munosabatini bildirdi.

«Bitta narsani ham hisobga olish kerak, boshqa davlatni ham olsak, amaldagi prezidentning yonida yuradigan komandasi bo‘ladi, maslahatchisi bo‘ladi. Endi biz hali u darajada kim nima kiydi, qanaqa kiyindi — kuzatganimiz yo‘q. Tashviqot hisoblanishi uchun, birinchidan, u tashviqot bilan shug‘ullanadigan odam bo‘lishi kerak. Ya’ni o‘sha davlat hokimiyati [xodimiga] mumkin emas tashviqot [qilish]», — deya ta’kidladi u.

Shu bilan birga, uning qo‘shimcha qilishicha, qonunchilikda nima kiyish belgilanmagan, «hozir unga borib „nima kiyyapsan“ deb e’tiroz bildirishimiz asossiz va noo‘rin», dedi u.

MSK doimiy a’zosi Hudoyor Mamatov tashviqot ommaviy chorlash orqali amalga oshirilishini aytib, mazkur holatdagi futbolka «tashviqot materiali» sanalmasligini ta’kidladi.

«Siz eslatib o‘tgan Saylov kodeksidagi 44-moddada qanday harakat saylovoldi tashviqot bo‘lishi aniq yozilgan. Demak, u yoki bu nomzodni shu saylov kampaniyasi davridan g‘alaba qozonishi uchun tashviqot qilish, ya’ni „Ovoz bering“ deb ommaviy chorlash — bu tashviqot sanaladi. U yoki bu xodimning yoki shaxsning qaysidir familiyasi tushirilgan futbolka kiyib yurgani — tashviqot emas. U tashviqot materiali emas. Tashviqotning tartibi bor. Nazariy jihatdan talablari bor. Ommaviy tus olishi kerak va omma oldida chiqish qilib, ommani kimgadir ovoz berishga chorlash kerak», — dedi u.

Bahrom Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, bunday holatlarga «differensiya asosida yondashilishi kerak».

«Bunda har bitta holatda alohida baho berish kerak. Masalan, hozir bu yerda turib „mana shuni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri“ deyish umuman noto‘g‘ri bo‘ladi. Har bitta holat bo‘yicha hattoki sudya ham ishni o‘rganib, ko‘rib chiqib, keyin biror fikr bildiradi. Agar bu yerda haqiqatda qonun buzilishi holatlari bo‘lgan bo‘lsa, bizda huquqni muhofaza qiluvchi organlarimiz bor, ularga mana shu tizimni nazorat qilib borish singari topshiriqlar ketgan», — dedi u.

Bundan tashqari, MSK raisining o‘rinbosari Shavkat Mirziyoyevning nomzod sifatidagi tashviqot ishlari prezidentlik faoliyati bilan aralashib yoritilmasligi kerakligi bo‘yicha ham fikr bildirdi.

«To‘g‘ri, bu Saylov kodeksida belgilangan, bu narsani hisobga olishimiz kerak: davlat rahbari sifatida yoritilish bo‘lyaptimi yoki nomzod sifatidami <...> Амалдаги prezident bilan nomzod deb chegarasini qo‘yish hech qaysi davlatda aniq belgilab berilmagan va Xalqaro standartlarda ham berilmagan. Tavsiyalar ishlangan, ularni o‘rganib chiqdik. Harakat qilyapmiz, mana shu jarayonda tegishli tashviqot olib boradigan nomzod komandasiga tavsiyalar berib boryapmiz qanday qilishni. Lekin, albatta, savollarimiz ham ko‘p, hozirda oldimizda turgan masala ko‘p, nafaqat bizni, hattoki dunyo hamjamiyati tomonidan ko‘p muhokama qilinadigan masala bu. O‘ylaymizki, sizlarning yordamingiz bilan biz mana shu jarayonni to‘g‘ri, shaffof va albatta qonun doirasida qilamiz, uni ta’minlashga MSK barcha kuchlarini safarbar qiladi», — deya ta’kidladi Bahrom Qo‘chqorov.

Oldinroq Markaziy saylov komissiyasi Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi targ‘iboti va amaldagi vazifasi aralashib ketmasligi nazorat qilinishini ta’kidlagan edi.

«Albatta, nomzodni saylovoldi targ‘iboti va o‘zining faoliyatini adashtirmasligimiz kerak. Lekin nazorat qilinadi, qonunda berilgan vazifani hammamiz bajarib berishimiz kerak. Nazorat qilinadigan qismini nazorat qilib berishimiz kerak. Lekin boshqa nomzodlarni ham hech kim o‘zining faoliyatini amalga oshirishdan cheklab qo‘yayotgani yo‘q. Ular ham o‘z faoliyatini amalga oshirishi mumkin», — degan edi Bahrom Qo‘chqorov.