Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati direktori Bahodir Yusupaliyev MSK media markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida prezident saylovlarida ovoz berish epidemiologik xavfsizlik nuqtai nazaridan qanday o‘tgani haqida gapirdi.

Unga ko‘ra, ovoz berishdan bir kun oldin saylov uchun ajratilgan har bir binoda ventilyatsiya va dezinfeksiya ishlari olib borildi. Har bir saylov uchastkasi tibbiyot xonalari hamda zarur dori-darmon va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlangan, tibbiyot xodimlarining faoliyati uchun shart-sharoit yaratilgan.

Saylovni o‘tkazishda 21 mingdan ortiq sog‘liqni saqlash mutaxassislari faoliyat ko‘rsatdi.

«Olingan ma’lumotlarga ko‘ra saylov uchastkalariga tashrif buyurgan shaxslarning 53 nafarida tana xaroratining ko‘tarilishi aniqlanib, ular darhol boshqalardan alohida xonaga (izolyatorga) ajratildi, ularga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatildi va bir vaqtning o‘zida yashirin ovoz berishlari tashkil etildi», — dedi Bahodir Yusupaliyev.

Prezident saylovlarida mamlakatdagi shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar ham faol ishtirok etdi, dedi u. Mamlakatdagi 150 dan ortiq tibbiyot muassasalarida saylov uchastkalari ochildi.

Mustaqil harakatlana oladiganlar shifoxona hududidagi maxsus tayyorlangan xonada, harakatlana olmaydiganlar esa maxsus ko‘chma saylov qutilaridan foydalandilar, deya aniqlik kiritdi u.

Bahodir Yusupaliyevning qayd etishicha, COVID-19 koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan shifoxonalarda 25 ta saylov uchastkalari tashkil etilib, shifoxonada davolanayotgan 3 ming nafar saylovchilar (bemorlar) ovoz berishlari uchun imkoniyat yaratildi.