Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston prezidenti saylovidagi g‘alabasi bilan bir qator dunyo davlatlari tabrikladi.

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an telefon orqali muloqotda «ovoz berish natijalari O‘zbekiston aholisi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatganini» alohida ta’kidladi. Cuhbat chog‘ida Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi va Turkiy Kengash sammitiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning birinchi prezidenti, Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan ham telefon orqali muloqot qildi. Elboshi kuni kecha bo‘lib o‘tgan umumxalq saylovida erishgan g‘alabasi bilan chin dildan muborakbod etib, «birodar o‘zbek xalqining farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevni saylovdagi ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutlab, mamlakatni modernizatsiya qilish va uning xalqaro nufuzini yuksaltirishga qaratilgan samarali islohot va yangilanishlar davom ettirilishi tiladi.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyevni g‘alaba bilan samimiy qutladi. Muloqot chog‘ida yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mintaqa kun tartibi, shu jumladan Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda muhokama qilindi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevni prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va unda ishonchli g‘alabaga erishilgani bilan tabrikladi.

Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi bilan tabrikladi. U vaqtda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovning dastlabki natijalari e’lon qilinmagan edi.