17 mart kuni Buxoro viloyati sudida Nukus voqealarida qatnashganlikda gumonlangan yana 39 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qib eshittirildi. Ularning 28 nafariga 5 yildan 11 yilgacha qamoq jazosi tayinlandi. 11 nafar ayblanuvchi esa shartli ravishda sud zalidan ozod qilindi.
To‘rtko‘l tumanida kanal toshishi oqibatida uylar va ekin maydonini suv bosgani aytilgandi. Holat bo‘yicha tuman irrigatsiya bo‘limi va irrigatsiya tarmoqlari boshqarmasi mansabdorlariga jinoyat ishi ochildi. Avvalroq voqeaga kemiruvchilar sababchiligi taxmin qilingandi.
173 nafar qatag‘on qurboni oqlangani haqida yozgandik. Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimovning aytishicha, bu «O‘zbekiston xalqini sobiq Ittifoqqa nisbatan bo‘ysundirish maqsadida qilingan xatti-harakatlardir». Toshkent Moskvadan boshqa qatag‘on qilinganlarning ham jinoyat ishlarini talab qilib oladi.
Dushanba kuni Nukus voqealari bo‘yicha sud o‘z ishini davom ettirmoqda. Oliy sud xabariga ko‘ra, sud ishining 6-kunida 1−2 iyuldagi voqealar oqibatida jabrlanganlar, qolaversa, fuqaroviy da’vogarlar so‘roq qilinmoqda.
Farg‘ona shahrida 1150 dona «Tramadol», 14 dona «Regapen» va 141 dona «Tropikamid» kabi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarni xonadonida saqlab kelgan fuqaro va unga aloqador shaxs ushlandi. Gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda qo‘lga olindi.
O‘zbekiston Milliy universiteti kutubxonasidan yo‘qolgan 100 dan ortiq, umumiy qiymati 2,6 mlrd so‘mga teng noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlar ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi. Sudlanuvchi (ayol kishi) 5 yilga qamaldi, qolaversa, 2 yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlashi taqiqlandi.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari alohining kommunal to‘lovlari uchun bergan jami 350,6 mln so‘m mablag‘larini bank kassasiga kirim qilmasdan, noqonuniy o‘zlashtirgani aniqlandi. Gumondorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Olmaliqda korxona rahbari tekshirish uchun berilgan 219,2 mln so‘mlik 30 ta nasos agregatini yaroqsizligi to‘g‘risida soxta dalolatnomalarni rasmiylashtirib, o‘zlashtirgani aniqlandi.
Prokuratura Toshkent hayvonot bog‘ida qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayolga tegishli jinoyat ishini unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashni hal qilish uchun sudga yubordi. Ayol «umrbod ruhiy xastalik bilan betoblanib kelgan», shu bois u tergov va sudda to‘g‘ri ko‘rsatmalar berish qobiliyatiga ega emas, deb ma’lum qildi Bosh prokuratura.
Qozog‘iston bosh prokuraturasi xabar berishicha, yanvar voqealari bo‘yicha ochilgan ishlarga 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi jalb qilingan. Ular tartibsizliklarda ishtirok etish va o‘g‘rilikda gumonlanmoqda.
Antikorrupsiya agentligi Uchquduq tuman hokimining sobiq o‘rinbosari va boshqalar 33 nafar fuqaroni «Yo‘lchilar», «Ko‘kpatas» va «Ko‘kayaz» mahallalarida 3 yil davomida yashaganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, ulardan 25 nafari OTMga davlat granti asosida kirishiga sababchi bo‘lganini ma’lum qildi. Davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgani uchun mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Rossiyaning Orsk shahri neftni qayta ishlash zavodidan Toshkentga yuborilgan 7 ta sisternadagi AI-95 markali benzin o‘g‘rilab ketildi. Gumondorlar vagonlar lyukidagi tamg‘ani buzib, neft tashishga mo‘ljallangan transport vositalariga ortib ketishgani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Gulnora Karimovaga nisbatan jinoyat ishi doirasida musodara qilingan aktivlarni qaytarish uchun BMTning ko‘ptomonlama trast jamg‘armasi tashkil etiladi. Adliya vazirligi mablag‘lar O‘zbekiston aholisi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanishini ma’lum qildi. Shuningdek, Fransiyadan yana 10 mln dollar qaytarildi, qolaversa, 131 mln dollarlik aktivlar O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor.
Bosh prokuratura 2021-yilda 2804 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilganini, ularning jinoyati oqibatida esa davlatga 913,7 mlrd so‘mlik moddiy zarar yetganini ma’lum qildi. Mansabdorlarning 1741 nafari rastrata, 269 nafari firibgarlik, 165 nafari pora olish va berish, 41 nafari mansab soxtakorligi kabi jinoyatni sodir etgan.
Davlat bojxona qo‘mitasi Toshkent tumanida 77 kg giyohvandlik vositasini qoplarda kartoshka ko‘rinishida yashirib, xorijiy davlat fuqarosiga yetkazib bermoqchi bo‘lgan shaxslarni qo‘lga oldi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
To‘dako‘l suv havzasida qora niqobdagi nazoratchi inspektorlar va baliqchilar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Viloyat IIB formadagi shaxslar «Ichki ishlar xodimi emasligi va egnidagi libosi, vazirlik shevroni hamda rezina tayoqlarni qayerdan olgani» o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Holat yuzasidan JKning bezorilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkent shahar IIBB o‘t o‘chirgich yoqib yuborilgan holat yuzasidan 4 kishiga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.
Fevral oxirida Chilonzordagi «Shovotlandiya» kafesida yong‘in chiqib, buning oqibatida 5 kishi vafot etgandi. JIB Olmazor tuman sudi ushbu jinoyatni sodir etgan 36 va 26 yoshli shaxslarga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. «Gazeta.uz» jinoyat nima sababdan va qanday sodir etilganini ham aniqlashtirdi.
Qibray tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga mo‘ljallangan 13,7 gektar yer maydonini 3,4 mln dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Noqonuniy ravishda yer sotishga urinishlar Sirdaryo, Namangan va Samarqand viloyatlarida ham qayd etildi.
Denovdagi savdo markazida yuzaga kelgan portlashda shahar gaz bo‘limi boshlig‘i hamda Hududgaz Surxondaryo gazta’minotining 2 nafar xodimi aybdor deb gumon qilinib, qamoqqa olindi. Ular o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaganlik va moddiy qimmatliklar olganlikda ayblanmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting