Qozog‘istondagi yanvar voqealariga oid jinoyat ishlariga 20 ga yaqin xorijliklar, shu jumladan O‘zbekiston fuqarolari ham jalb qilingan. Bu haqda Qozog‘iston bosh prokuraturasi xabar berdi.

«Ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha ishlarga 19 nafar xorijlik jalb qilingan. Shundan 11 nafari — O‘zbekiston, 4 nafari — Rossiya, 2 nafari — Qirg‘iziston, 1 nafari — Xitoy, 1 nafari — Tojikiston fuqarolari», — deyiladi xabarda.

Ular tartibsizlarda qatnashganlik hamda o‘g‘riliklarda gumon qilinmoqda. Hozirda tergov jarayonlari davom etmoqda.

Avvalroq, Qozog‘istonning inson huquqlari bo‘yicha ombudsmani Elvira Azimova ommaviy tartibsizliklar sabab hibsga olinganlar orasida tergov izolyatorlarida 18 nafar xorij fuqarosi saqlanayotgani, shundan 14 nafari O‘zbekiston fuqarosi ekanligini qayd etgandi.

14 mart kuni Qozog‘iston Parlamenti Majlisining yalpi majlisida Qozog‘iston bosh prokurori yanvar voqealari vaqtida jami 230 kishi halok bo‘lgani, shundan 19 nafari harbiylar ekanini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vafot etganlarning eng ko‘pi Olmaota shahriga (139 kishi) to‘g‘ri kelmoqda. 20 nafar fuqaro esa tasodifan otishmalar oqibatida halok bo‘lgan. Tartibsizliklarga Qozog‘iston MXQning sobiq raisi va sobiq mudofaa vaziri ham aloqadorligi aytildi.

Hozirda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi davlat xiyonat qilish, hokimiyatni egallashga urinish va juda katta miqdorda pora olish bo‘yicha 15 ta jinoyat ishi yuzasidan tergov olib bormoqda.