Toshkent viloyati Olmaliq kon-metallurgiya kombinati qoshidagi misni boyitish fabrikasi qurilishida sodir bo‘lgan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

Hodisa bo‘yicha Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi ochilgan.

Eslatib o‘tamiz, 20-fevral kuni soat 08:00 larda Olmaliq shahri Sanoat zonasi hududida joylashgan yangi qurilayotgan “3-sonli misni boyitish fabrikasi”da, birlamchi ma’lumotga ko‘ra, temir konstruksiyalari surunkali qor yog‘ishi oqibatida qulab tushgan.

Hodisa oqibatida quruvchi kompaniyaning 32 nafar ishchisi (barchasi Hindiston fuqarolari) jabrlangan (Bosh prokuratura ularning soni 45 ta ekanini aytgandi), ulardan 3 nafari voqea joyida vafot etgan, 29 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olgani sababli shifoxonaga joylashtirilgan.

Jabrlangan fuqarolarning 4 nafariga shifoxonada zarur tibbiy yordam ko‘rsatilib, javob berilgan.

“Gazeta.uz” manbasining xabar berishicha, bu 3-MBF qurilishi chog‘idagi birinchi baxtsiz hodisa emas. Kelib tushgan videolarda (tahririyatda mavjud) ishchilarning qurilish maydonchasida ish vaqtida jarohat olgani aks etgan. Bunday holatlarning ayrimlari, shu jumladan, ishchilarning aybi bilan ham sodir bo‘lmoqda, biroq ularning xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasliklari, manbaga ko‘ra, ular yuk ko‘tarish moslamalari, yuklarni tashish vositalari va shaxsiy himoya vositalari bilan yetarlicha to‘g‘ri ta’minlanmagani bilan ham bog‘liq. Bundan tashqari, manbaga ko‘ra, ishchilar to‘rt oydan beri maosh olmagan.

Eslatib o‘tamiz, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) tarkibida 3-misni boyitish fabrikasi (3-MBF) tashkil etilishi rejalashtirilgan. “Yoshlik-1” konidan 5,12 milliard dollarlik mahsulot qayta ishlanishi kutilmoqda. Bu kon 11 ming gektar maydonni egallagan bo‘lib, unda oltin, mis, kumush, molibden kabi 13 turdagi qimmatbaho va nodir metallar mavjud. Fevral oyi boshida OKMK rahbari Abdullo Xursanov prezident 3-MBF qurilishini 1-iyuldan kechiktirmay boshlash, “muhandislik, bazaviy loyiha”ni esa 1-martgacha yakunlash haqida topshiriq berganini aytgandi.

3-MBF qurilishi uchun Enter Engineering va Rossiyaning “Uralmashzavod” kompaniyasi tanlangan. O‘shanda loyiha 2 milliard dollarga baholangan va amalga oshirish muddati 2023-yilga mo‘ljallangandi. Dastlab loyiha Renaissance Heavy Industries tomonidan SFI Management Group nazorati ostida amalga oshirilishi kerak edi, biroq 2021-yilning fevralida ular loyihadan chiqarilgan.