19 dekabr kuni Oliy sudda reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan 173 nafar qatag‘on qurbonlari jami 4 ta jinoyat ishi bo‘yicha oqlandi. «Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, sud jarayonidan so‘ng Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov OAV vakillari bilan suhbatlashib, ularning savollariga javob bergan.

Uning ta’kidlashicha, qatag‘on qurbonlari nomini oqlash prezidentning 2020 yil 8 oktabrdagi «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

qatag‘on qurbonlari, jinoyat ishi, собиқ иттифоқ

Ikrom Muslimov.

«Ahamiyat bergan bo‘lsalaringiz, bugungi sud majlisida asosan, mamlakatning 4 ta hududi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida yashab, qatag‘on qilingan shaxslar oqlandi. Masalan, o‘sha paytda Surxondaryodan qatag‘on qurboni bo‘lgan jami 147 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Ko‘pchiligini familiyasi bir-biriga o‘xshaydi. Ya’ni bir oiladan bir nechta farzandlar: aka-ukalar o‘sha paytda tizimga qarshi bo‘lganligi, O‘zbekistonning mustaqilligini yoqlab chiqqanligi sababli jinoiy javobgarlikka tortilganligini ko‘rish mumkin», — dedi u.

Oliy sud vakilining so‘zlariga ko‘ra, jinoyat ishi materiallarini o‘rganish jarayonida haqiqatan qatag‘on qurbonlarining ayblilik masalasi to‘liq o‘rganilmaganligi, Uchlik yig‘inining qarori bilan faqat ayblov nuqtai nazaridan O‘zbekiston xalqi va millatini Ittifoqqa nisbatan bo‘ysundirish maqsadida qilingan xatti-harakatlar ekanligi o‘z tasdig‘ini topgan.

«Prezident farmoyishi ijrosi yuzasidan idoralararo komissiya tomonidan juda katta ishlar amalga oshirilyapti. Har bitta jinoyat ishini topish, birma-bir o‘rganish, qaysi asoslarga ko‘ra, ularning javobgar bo‘lganini tahlil qilish jarayoni igni bilan quduq qazishdek hisoblanadi. Ikki soatli sudda 173 nafar fuqaroning oqlanishi oson ishdek ko‘rinishi mumkin. Lekin bugungi kunga yetib kelguncha ikki yil mehnat qilinganini e’tirof etishimiz kerak», — dedi Ikrom Muslimov.

qatag‘on qurbonlari, jinoyat ishi, собиқ иттифоқ

Sud jarayonidan kadr

Uning qayd etishicha, oqlangan shaxslarga moddiy va ma’naviy zarar davlat budjeti hisobidan undiriladi.

«Qonun mazmuniga ko‘ra, reablitatsiya asoslari JPKning 37-, 38-moddalarida belgilangan. Agar oqlangan shaxslar tirik bo‘lsa o‘zi, vafot etgan bo‘lsa, yaqinlari qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim qilgan holda, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilgan taqdirda yetkazilgan moddiy (qanday zarar yetkazilganligi va aniq summasi belgilanishi kerak) va ma’naviy zararni undirishga davo berish huquqiga ega», — dedi Oliy sud rasmiysi.

Ikrom Muslimov ayni paytda davlat rahbari imzolagan farmoyish asosida izlanishlar qilinayotganini, Ittifoq davrida SSSRning Oliy sudida sudlanganlar ham borligini aytdi. «Ularning ham jinoyat ishlarini talab qilib olish va ularga nisbatan ham oqlovni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Unga endi ancha vaqt, siyosiy iroda talab qilinadi», — dedi u.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi direktori Bahtiyor Hasanovning ta’kidlashicha, prezidentning [PF-5598] farmoyishini imzolanishi «qatag‘on davri bilan shug‘ullanuvchi olimlar va akademiklarni sifat jihatdan yana bir yuqori pog‘onaga ko‘tardi».

«Agar qatag‘on qurbonlari oqlanmaydigan bo‘lsa, ularning «delo»lari bizga berilmaydi, hujjatli filmlar, maqolalar yarata olmaymiz. Bularni tushunmagan odam tushunmaydi. Hali oldimizda juda katta vazifalar turibdi», — dedi olim.

qatag‘on qurbonlari, jinoyat ishi, собиқ иттифоқ

Bahtiyor Hasanov

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari 2021 yilning 31 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimiga tashrif buyurganida, 13 ming odam otib tashlanib, 100 ming nafar fuqaro qatag‘onga uchraganini aytgan.

«Prezident tomonidan tashkil qilingan 13 ta muzey juda katta faoliyat olib boryapti. 60 mingdan ortiq qatag‘on qurbonlarining pok nomini tiklashga, 40 mingdan ziyodini xotira kitobini yaratishga muvaffaq bo‘ldik. Mana bunday sud jarayonlari ham ketyapti. Demak, mamlakatda tarixiy haqiqat, adolat tiklanyapti, tarixga xolislik nuqtai nazardan qaralyapti», — dedi Bahtiyor Hasanov.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning yanvarida Oliy sud 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 120 nafar, 2021 yilning avgustida 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 115 nafar qatag‘on qurbonlari oqlangandi. Shu bilan O‘zbekistonda jami 408 nafar qatag‘on qurbonining nomi oqlandi.