Toshkent viloyatining Bekobod tumanida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament o‘tkazgan tezkor-qidiruv tadbirda qonunni buzgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Telegram`dagi “Xavfsizlik” kanali.

Bekobod tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i N.J. va bosh hisobchisi E.O‘.lar tikuvchilikka ixtisoslashgan 3 ta korxona rahbari bilan kelishib, 950 mln 570 ming so‘m pul mablag‘ini talon-toroj qilgan.

Aniqlanishicha, ular 2023-yilning oktabr-dekabr oylarida Bekobod tumanida yashovchi 116 nafar fuqaroga go‘yoki kasanachilik faoliyatida zarur bo‘ladigan asbob-uskunalar yetkazib berilgani to‘g‘risida rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.