Toshkent shahri Chilonzor tumanida 21 yoshli yigitning o‘limi bilan bog‘liq holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 208-moddasi (Hokimiyat harakatsizligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar berdi.

Voqealar rivoji

29-may kuni Chilonzor tumani IIB binosida 21 yoshli yigit tergovdan qochish maqsadida 4-qavatdagi hojatxonadan sakrab, shifoxonada vafot etgani, marhumning yaqinlari esa uning o‘limi sababiga shubha bildirayotgani xabar qilingandi.

Unga ko‘ra, 22-may kuni yigit cho‘ntagida gashish giyohvandlik vositasini saqlab kelgani aniqlanib, Chilonzor tumani IIO giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘limiga olib kelingan. Binoning 4-qavatiga surishtiruv harakatlarini o‘tkazish uchun olib chiqilgan X.T. javobgarlikdan qochish maqsadida shu qavatda joylashgan hojatxonaga kirgan.

“Tezkor xodimning chalg‘ishi natijasida hojatxona derazasidan pastda joylashgan oshxonaning shifer bilan qoplangan tom qismiga sakragan. Shiferning cheti sinishi oqibatida X.T. bosh qismi bilan yerning beton qoplamasiga qulab tushgan”, — deyiladi xabarda.

Jarohatlangan fuqaro ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan shifoxonaga olib borilgan. X.T.ga ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, u olgan tan jarohatlari oqibatida, 29-may kuni shifoxonada vafot etgan.

Marhumning yaqinlari IIB izohiga shubha bildirgan. Xususan, Kun.uz saytiga murojaat qilganlardan birining aytishicha, yigitning oilaviy sharoiti yaxshi bo‘lmagan va u bir necha yil davomida uydan uzoqda — Toshkentda yashab, yaqinlari bilan deyarli aloqa qilmagan. Shu sababli qo‘lga olinganidan keyin oldiga keladiganlar ham topilmagan. Chilonzor tumani IIB tergovchisi 29-may kuni yigitning yaqinlariga telefon qilib, uning vafot etganini aytgan.

Bosh prokuraturaning qayd etishicha, Chilonzor tumani prokurori boshchiligidagi guruh tomonidan shu kunning o‘zida hodisa sodir bo‘lgan bino va atrof-muhit joyiga chiqqan holda ko‘zdan kechirilgan, tegishli guvohlar va ishga aloqador barcha xodimlarning ko‘rsatmalari olingan.