SamDU Kattaqo‘rg‘on filialida plita qulashidan 6 nafar talaba qiz jarohatlangani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 258-moddasi (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoiy ish ochilgan.

4-sentabr kuni filialdagi zal shift qismiga o‘rnatilgan temir beton plitasi qulab tushgan. Binoning qurilishi hamda mukammal ta’mirlanishi holati mutaxassislar jalb qilingan holda o‘rganilmoqda.

Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialining Kattaqo‘rg‘on shahri Amir Temur ko‘chasi 27-uyda joylashgan o‘quv binosi sobiq Samarqand davlat instituti akademik litseyi binosi uchun qurilgan bo‘lib, 2008-yilda foydalanishga topshirilgan.

2008−2018-yillarda SamDCHTI qoshidagi akademik litsey sifatida, 2019−2021-yillar davomida Kattaqo‘rg‘on shahri 7-maktabi faoliyat olib borgan.