Bosh prokuratura joriy yil boshida O‘zbekiston Milliy universiteti kutubxonasidan tarixiy-badiiy ahamiyatga ega 57 ta qo‘lyozma va toshbosma asarlar talon-toroj qilingani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.

10 oktabr kuni Toshkent shahar JIB Mirzo Ulug‘bek tumani sudida mazkur ish yuzasidan sud hukmi o‘qib eshittirildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati rahbari xabar berdi.

Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi ayol (1962 y.t.) I.K. — 2008 yilning 2 dekabridan 2022 yilning 14 apreligacha O‘zMUning Axborot resurslar markazida direktor bo‘lib ishlagan.

Avvalroq, 2018 yilda universitetda kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Lekin universitetning asosiy binosi va muzey xonalari ta’mirlab bo‘linganidan keyin ham muzeydagi ashyolar, xususan, nodir kitoblar va qo‘lyozmalar o‘z joyiga qaytarib qo‘yilmagani haqida yozgandik.

Toshkent shahar sudlari ma’lumotiga ko‘ra, sudlanuvchi «mansabdor shaxs bo‘la turib, xizmat vazifalariga tarixiy va madaniy meroslarni saqlash va yaxlitligini ta’minlash kirsa-da, noqonuniy daromadlar ortirish maqsadida, jinoyat ishining qismi alohida ish yurituviga ajratilgan shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktiradi».

«Ular bir guruh shaxs bo‘lib, unga ishonib topshirilgan va uning ixtiyorida bo‘lgan Axborot resurs markazi „Sharqiy“ fondining umumiy bahosi 2 mlrd 656 mln 600 ming so‘m qiymatga ega noyob — 57 ta tarixiy qo‘lyozma asarlarni, XIII-XIX asrlarga oid 12 ta toshbosma va 9 ta tarixiy hujjatlarini talon-toroj qilib, juda ko‘p miqdorda davlat manfaatlariga zarar yetkazgan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, sudlanuvchi ayol o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, sodir qilgan og‘ir jinoyatining izini yashirish maqsadida Axborot resurslar markazining o‘ta muhim ahamiyatga ega, tarixiy-madaniy qimmatliklar haqida ma’lumot beradigan 341 ta inventar kitoblarini taqdim qilmasligi oqibatida 45 ta noyob qo‘lyozmalar, 104 ta noyob toshbosmalarni, ya’ni davlat va jamoat tarixiy-madaniy boyliklarining yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lgan.

Ular orasida XIII asrga oid Abu Bakr Sobuniyning qo‘lyozma asari, Sharafiddin Ali Yazdiyning XV asrda yozilgan «Muqaddimai Zafarnoma» qo‘lyozma kitobi, Alisher Navoiyning tilla suvi yuritilgan «Xamsa» dostoni va boshqa o‘nlab nodir qo‘lyozmalar ham mavjud.

Sudlanuvchi JKning tegishli moddalari bilan aybli deb topildi. Unga uzil kesil 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Apellyatsiya shikoyati va protestlari hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran 20 sutka ichida, mahkum, jabrlanuvchi tomonidan esa hukm nusxasini olgan kundan e’tiboran shu muddat ichida berilishi mumkin. Belgilangan muddat o‘tgandan keyin berilgan shikoyat yoki protest oqibatsiz qoldiriladi.