Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining sobiq boshlig‘i Davronbek Jumaniyozov O‘zbekistonda kamida 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan Hindistonning Marion Biotech kompaniyasiga tegishli dorilar, jumladan “Dok-1 Maks” siropi ishi doirasida hibsga olingan.

Daryo nashri yozishicha, bu haqda “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha Toshkent shahrida ko‘rilayotgan sud ishida sudya Muso Yusupov sudlanuvchilardan birining so‘roviga javoban ma’lum qildi. Avvalroq, ushbu ayblanuvchi sirop haqida jamoatchilikni xabardor qilgan samarqandlik shifokorlar va viloyat SSB boshlig‘ini sudga chaqirib, ularning ko‘rsatmasini olish bo‘yicha iltimosnoma kiritgandi.

“Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan bu bo‘yicha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Qo‘shimcha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deya ta’kidladi sudya.

Eslatib o‘tamiz, “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilgan bolalarning ommaviy o‘limi haqida 15-dekabr kuni Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori Mamatqul Azizov xabar qilgandi. U viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovga yo‘llagan xatida “Dok-1 Maks” siropidan o‘limlar kuzatilayotgani haqida ogohlantirib, dori sotilishini to‘xtatish bo‘yicha chora ko‘rishni so‘ragan. Biroq, ushbu sirop savdosi oradan ikki hafta o‘tib — 22-dekabrdagina to‘xtatish boshlandi.

SSV esa oradan yana bir hafta o‘tgandan keyingina mazkur dorini xarid qilmaslik haqida ogohlantirish SMS-xabarlarini aholiga jo‘natishga o‘tdi, ya’ni aholini xabardor qilish bo‘yicha kampaniya juda kech boshlandi.

Bolalarning o‘limi haqida birinchilardan bo‘lib xabar bergan bosh shifokor ishdan bo‘shatildi, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i esa yaqin kunlargacha o‘z lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.