Toshkentning Yunusobod tuman prokuraturasi poytaxt hayvonot bog‘ida farzandini ayiq voleriga tashlab yuborgan ayolga nisbatan tergovni yakunlab, jinoyat ishini unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash masalasini hal etish uchun JIB Toshkent shahar sudiga yubordi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning xabar berdi.

Sudga oid psixiatriya va psixologiya kompleks ekspertizalari xulosalariga ko‘ra, «ayol umrbod ruhiy xastalik bilan betoblanib kelgani», ruhiy holatidan kelib chiqqan holda, u tergov va sudda to‘g‘ri ko‘rsatmalar berish qobiliyatiga ega emasligi ko‘rsatilgan, deyiladi xabarda.

Jinoyat kodeksining 91-moddasiga muvofiq, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan jazolash bilan bir qatorda, davolash va jazolash maqsadiga erishishga ko‘maklashuvchi sharoitlar yaratish uchun sud tomonidan tayinlanishi mumkin.

93-moddada esa tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari jumlasiga yashash joyi bo‘yicha ruhiy-asab kasalliklari dispanserida (tuman yoki shahar psixiatrining xonasida) majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va davolanish, yashash joyi bo‘yicha umumiy tartibli psixiatriya muassasasining umumiy kuzatiladigan bo‘limida majburiy davolanish, umumiy tartibli psixiatriya muassasasining maxsus reabilitatsiya bo‘limida majburiy davolanish, kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanish, jazoni ijro etish muassasalarining davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish bo‘limlarida hamda mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashgan shifoxonada majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va davolanish kirishi qayd etilgan.

Qonunchilikka ko‘ra, aqli noraso holatda ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari tayinlanganda, jinoyat ishi jinoyat belgilari tarkibiga kiruvchi element — subyekt yo‘qligi tufayli tugatiladi. Shu bilan birga, shaxs tuzalgandan so‘ng jinoyat ishini yuritish, agar jinoiy javobgarlikka tortish muddatlari o‘tib ketmagan yoki shaxsni jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilish uchun boshqa asoslar yuzaga kelmagan bo‘lsa, qayta tiklanadi va shaxs umumiy asoslarda jinoiy javobgarlikka yoki jazoga tortilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 28 yanvar kuni (1991 yilda tug‘ilgan) ayol o‘zining 3 yoshli qizchasini bog‘ mehmonlari ko‘z o‘ngida to‘siq ortidan ayiqning qafasiga tashlab yuborgan edi. Zuzu laqabli Kavkaz ayig‘i qizga yaqinlashib, hidlab ko‘rib, so‘ng ortiga qaytgan. O‘shanda bog‘ ishchilari ayiqni ichki xonaga chaqirib olishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Toshkent hayvonot bog‘ida ayiq voleriga onasi tashlab yuborgan qizaloqda ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi aniqlanib, SSV uning ahvoli yaxshiligi va shifokorlar nazoratida ekanligini ma’lum qildi. O‘shanda prokuratura tomonidan ayolga nisbatan JKning 25-moddasi orqali 97-moddasi 2-qismi «v» bandi (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda, ya’ni aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi ochildi.

Shuningdek, uni tashlab yuborgan ayol psixonevrologik dispanser ro‘yxatida turgani, oilada bosimga uchragani va turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmoqchi bo‘lgani xabar berilgandi. Fevral oyi oxirlarida qizaloqning ahvoli yaxshilangani bois shifoxonadan uyiga javob berildi. U hozircha buvisining qaramog‘ida bo‘ladi.