Olmaliq shahrida 219,2 mln so‘mlik nasos agregatlarini o‘zlashtirgan MCHJ rahbari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda ma’lum bo‘ldi.

«Toshkent suv ta’minoti»ning Olmaliq shahar bo‘limi yaroqliligini tekshirtirish uchun umumiy bahosi 219,2 mln so‘mlik 30 dona nasos agregatini «G.E.» MCHJga taqdim qilgan.

Korxona esa ularning yaroqsizligi to‘g‘risida soxta dalolatnomalar rasmiylashtirilib, ushbu nasos agregatlarini o‘zlashtirib, talon-toroj qilgan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davom etmoqda.