Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktabda 8-sinf o‘quvchisi vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186- (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) va 207- (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga kirishilgan.

Eslatib o‘tamiz, 28-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchi maktab hududida ochiq elektr simiga tegib ketib, elektr toki urishi oqibatida vafot etgani haqida ma’lumot tarqalgandi.

Poytaxt maktab ta’limi boshqarmasi bolani elektr toki urganini rad etib, o‘quvchi o‘yin maydonchasidan chiqib ketayotganda hushini yo‘qotgani, keyinroq kasalxonada vafot etganini bildirgan.

Keyinroq Bosh prokuratura sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘quvchining o‘limiga elektr toki urishi sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.