Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 25-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida davlat budjeti taqchilligi haqida gapirdi, deb xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

Avval xabar berganimizdek, 2023-yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti defitsiti rekord daraja — 59 trln so‘mni tashkil etib, avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo‘ldi. O‘tgan yil oxirida hukumat xarajatlar chegarasini ushlab turolmagani sababli parlament orqali limitni oshirgandi.

Konsolidatsiyalashgan budjetga davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (suveren fond) mablag‘lari kiradi.

Birinchi chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston davlat budjeti taqchilligi 19,8 trillion so‘mni (1,56 milliard dollar) tashkil etdi. Bu kamida oxirgi 12 yildagi rekord ko‘rsatkichdir. budjet daromadlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,8 foizga, xarajatlari esa 19,3 foizga o‘sdi.

“budjet taqchilligining maqbul darajadan yuqori shakllanishi pul-kredit ko‘rsatkichlarimizga, makroiqtisodiy barqarorlikka va, eng muhimi, inflyatsiyaga bevosita ta’sir qiladi… Bir narsani tushunish kerak — inflyatsiya darajasini saqlab qolish va maqsadli ko‘rsatkichga tushirish — iqtisodiy sektordagi barcha uchun asosiy vazifa. Buning uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Bu masalalarni haftada kamida bir marta muhokama qilamiz”, — dedi u.

Markaziy bank raisining ta’kidlashicha, budjet taqchilligi an’anaviy tarzda birinchi chorakda “daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi kichik farq tufayli” shakllanadi. “Gazeta.uz” avvalroq 2012-yildan buyon birinchi choraklar uchun budjet ko‘rsatkichlarini o‘rganib chiqib, daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi tafovut faqat 2023-yildan boshlab keskin oshgani, avvalgi yillarda esa bu farq unchalik katta bo‘lmaganini aniqlagan edi.

“Ochiq tan olishim kerakki, Markaziy bankda budjet taqchilligini kamaytirish yoki har qanday xarajatlarni to‘xtatish vositalari yo‘q… Biz har oyda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga inflyatsiya va makroiqtisodiy barqarorlik bo‘yicha o‘z xavotirlarimiz, takliflarimiz, kuzatishlarimizni taqdim etamiz”, — deydi u.

Birinchi chorakda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 11,2 trillion so‘mlik davlat obligatsiyalari muomalaga chiqarildi, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga (4,7 trillion) nisbatan qariyb 2,5 barobar ko‘pdir.

“Birinchi chorakda budjet xarajatlari o‘tgan yilga nisbatan ancha oshdi. Bu davlat tomonidan subsidiyalangan energiya importi hajmining oshishi bilan bog‘liq. budjet daromadlarining [keyingi yilga] o‘tkaziladigan qoldiqlari mavjud. 2023-yilda bu mablag‘lar xarajatlarni qoplashga yo‘naltirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu mablag‘lar birmuncha kam bo‘ldi, hukumat tomonidan 11 trillion so‘m mablag‘ jalb qilindi. Bu yerda biz shunga o‘xshash narsani ko‘rmayapmiz, chunki ichki pul bozorida ham ma’lum chegaralar mavjud va hukumat bu chegaradan ortiq jalb qila olmaydi. Yilning qolgan davrlarida ham bu tendensiya davom etishini kutmaymiz”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2023-yilda inflyatsiya ko‘rsatkichini 5 foizga yetkazishni rejalashtirgandi, biroq keyinchalik bu maqsadni 2024-yil oxiriga, keyin esa 2025-yil oxiriga ko‘chirgan. Aprel oyining oxirida stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha so‘nggi yig‘ilishda regulyator 2024-yil uchun inflyatsiya prognozini 9−11 foizgacha yomonlashtirgan.

Mamarizo Nurmuratov davlat xarajatlarining o‘sishi hisobiga inflyatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘layotgani, shu sababli fiskal konsolidatsiyaning (xarajat va daromadlarni optimallashtirish) roli ortib borayotganini ta’kidlagandi. U o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun budjet taqchilligini belgilangan me’yorlar doirasida ushlab turishni nazarda tutuvchi pul-kredit va soliq-budjet siyosatini (Markaziy bank va Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida) o‘zaro kelishilgan holda amalga oshirishni ta’minlash muhimligini qayd etgan.