Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida 5 kishi vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Qayd etilishicha, holat 12-may kuni soat 10:30 atrofida tumanning Uzunsoy mahallasi hududida sodir bo‘lgan. 59 yoshli haydovchi Sh. D. Tracker mashinasida Toshkent-Sherobod yo‘nalishida ketayotib, boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ngra mashina yo‘l chetida to‘xtab turgan “ZIL-130” yuk mashinasiga urilgan.

YTH oqibatida haydovchi va uning 59 yoshli turmush o‘rtog‘i M.Sh. hamda mashinada yo‘lovchi sifatida kelayotgan 44, 50 va 70 yoshli 3 nafar ayol og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda YTHga yo‘ldagi chuqurlik sabab bo‘lgani hamda haydovchi Haj ziyoratidan qaytayotganlarni olib qaytayotgan bo‘lgani aytilmoqda.

йтҳ, сурхондaрё

Ekspertiza haydovchining yuragi to‘xtab qolganini tasdiqlamoqda, deya qo‘shimcha qildi viloyat YHXB matbuot xizmati.

Holat yuzasidan viloyat Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq Boysun tumanida tik balandlik paytida to‘xtash tizimida nosozlik yuzaga kelgan Damas yo‘l chetidagi molxonaga urilgandi. Oqibatda mashina salonidagi 3 nafar yosh bola va 3 ayol halok bo‘lgan.