Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Gandlova shahrida yuz bergan otishmada yaralandi, deb xabar bermoqda BBC mahalliy matbuotga tayanib.

Bosh vazir hukumat yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan binodan chiqib, mahalliy aholiga yaqinlashganda noma’lum shaxs unga qarata o‘q uzgan. Voqea joyida bo‘lgan jurnalistlar bir nechta o‘q ovozini eshitgan.

Otishma sodir etganlikda gumonlangan shaxs voqea joyida qo‘lga olindi.

Tarqalgan videolavhalarda qo‘riqchilar bosh vazirni yerdan ko‘tarib, mashinaga olib borganini ko‘rish mumkin.

“Bugun Robert Fitso hujumga uchradi. Unga bir necha marta o‘q uzildi, hozir uning hayoti xavf ostida. U vertolyotda Banska-Bistritsa shahriga olib ketilmoqda… Keyingi bir necha soat hal qiluvchi bo‘ladi”, — deyiladi Fitsoning Facebook`dagi sahifasida.

Plus Jeden Den manbalarga tayanib, Fitso qo‘li va oshqozonidan yaralanganini yozmoqda.

  • Robert Fitso o‘tgan yilning kuzida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida o‘zining “Kurs — sotsial-demokratiya” partiyasi g‘alaba qozongach, Slovakiya bosh vaziri lavozimini egallagandi. U 2006-yildan 2010-yilgacha, shuningdek, 2012-yildan 2018-yilgacha ham Slovakiya hukumatini boshqargan.