Siyosat

dayjest

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron O‘zbekistonga keladi

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri va sobiq bosh vaziri Devid Kemeron Toshkentga tashrif buyuradi. Uning O‘zbekistondagi hamkasbi bilan muzokaralarida mintaqaviy xavfsizlik, ta’lim, iqlim o‘zgarishi, ikki tomonlama savdo hamda biznes aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama etish reja qilingan.


dayjest

Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqdi

Shavkat Mirziyoyev 22-apreldan qisqa muddatli ta’tilga chiqdi. Oldingi safar u 2023-yilning dekabrida ta’tilga chiqqandi.


dayjest

Prokuratura, tibbiyot muassasalari va boshqa davlat idoralari flagman smartfonlar xarid qilmoqda

Samarqand viloyati prokuraturasi 445 mln so‘mga 22 dona iPhone 14 Pro Max smartfonlarini xarid qildi. Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi Toshkent viloyati bo‘limi 51 mln so‘mga ikkita iPhone 15 Pro Max sotib oldi. Boshqa davlat idoralari ham smartfonlar xarid qilmoqda.


dayjest

Ozarbayjonning Ganja shahrida O‘zbekistonning faxriy konsulxonasi ochildi

Ozarbayjonning Ganja shahrida O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi birinchi faxriy konsulxonasi ochildi. Unga konsul etib Kyanan Jalilov tayinlandi.


dayjest

Prezident matbuot xizmatining “Maxsus rakurs” loyihasi qoraqalpoq tilida ham namoyish etila boshladi

Haftaning prezident ishtirokidagi asosiy voqealariga bag‘ishlangan “Maxsus rakurs” loyihasini nafaqat o‘zbek va rus, balki qoraqalpoq tilida ham namoyish etish boshlandi. Uni tayyorlash uchun Nukusda alohida guruh tuzildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.


Iqtisodiyot

dayjest

UzAuto Motors 23-aprel kuni Damas uchun kontraktatsiyani ochadi

23-aprel kuni soat 10:00 da UzAuto Motors belgilangan muddatda to‘lov qilinmagani tufayli avvalgi kontraktatsiyadan chiqarilgan Damas avtomobillari kontraktatsiyasini qayta ochadi. Narxlar o‘zgarishsiz qoladi.


dayjest

Toshkentda ijara narxlari pasayishda davom etmoqda — MHTI

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutiga ko‘ra, Toshkent shahrida ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. Mart oyida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar ijara narxida fevralga nisbatan 0,61 foiz, to‘liq ta’mirlangan uy-joylar ijara narxida esa 0,76 foiz tushish kuzatildi.


Jamiyat

dayjest

O‘zbekistonning doimiy aholisi 37 millionga yetdi

22-aprel kuni O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 millionga yetdi. Oy boshida bu ko‘rsatkich 36 963 262 mln nafarni tashkil etgandi.


dayjest

Hafta davomida havo issiq bo‘ladi, joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

Hafta davomida ko‘plab hududlarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Faqat 24-aprelda respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechalari +13…+18, kunduzi +24…+29 daraja bo‘ladi. Tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari va qor ko‘chishi yuzaga kelishi mumkin.


dayjest

Qarshi shahrida Damas 25 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgani aniqlandi (video)

Qashqadaryoning Qarshi shahrida Damas haydovchisi 26 yo‘lovchini — bog‘cha xodimi va 25 nafar bolani tegishli hujjatlarsiz tashigani aniqlandi. Bog‘cha xodimi kechga qolib ketilgani uchun bolalarni bir mashinaga joylashtirishga majbur bo‘linganini aytdi. Avtomobil jarima maydoniga qo‘yildi, haydovchi jazolandi.


dayjest

Turkiyadagi o‘zbekistonliklar firibgarlikning yangi turidan ogohlantirildi

Istanbuldagi bosh konsulxona Turkiyadagi o‘zbekistonliklarni telefon orqali o‘zini advokat, politsiya yoki maxsus kuchlar xodimi sifatida tanishtirib, hisobraqamga pul o‘tkazishni so‘rayotganlardan ogohlantirdi. Konsullik ularga ma’lumot bermaslik va o‘rnatilgan tartibda chaqirilishni talab qilishni tavsiya etdi.


dayjest

Toshkent va Namangan viloyatlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi

O‘zgidromet 23−30-aprel kunlari Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfidan ogohlantirdi.


dayjest

O‘zbekistonda aholisi eng tez o‘sayotgan hududlar ma’lum qilindi

Toshkent shahri, Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan va Samarqand viloyatlarining aholisi nisbatan tez o‘smoqda. Mamlakat aholisi esa bir yilda 2,1 foizga ko‘paygan.


dayjest

O‘zbekistonda English Speaking Nation dasturi yakunlandi. To‘rt yilda 18 mingdan ortiq ingliz tili o‘qituvchisi o‘qitildi

O‘zbekistonda English Speaking Nation (Ingliz tilida so‘zlashuvchi millat) dasturi doirasida 18 mingdan ortiq ingliz tili o‘qituvchisining bilim va malakalari oshirildi. To‘rt yil davom etgan, qiymati 7 mln dollar bo‘lgan qo‘shma dastur AQSh tashkilotlari ko‘magida olib borildi.


dayjest

Termizdan Toshkentga kelayotgan avtobusda uxlab yotgan ayolga shilqimlik qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi

Shaharlararo avtobusda uxlab qolgan ayolning kiyimini yechib, ko‘krak qismiga tegingan 45 yoshli erkak 15 sutkaga qamaldi. Erkak sudda ayolga qo‘li tegib ketganini aytgan.


dayjest

Toshkentning Avliyo ota ko‘chasi 10 kunga yopildi

Mirobod tumanidagi Avliyo ota ko‘chasi hamda ushbu ko‘chaning Nukus va KHAY ko‘chalari bilan kesishmalari 22-apreldan boshlab 10 kun muddatga yopildi.


dayjest

Xorazmda 3,3 mlrd so‘mlik gazni yashirin ravishda o‘g‘irlagan fermer xo‘jaligi aniqlandi

Urganch tumanida gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 3,3 mlrd so‘mlik 2 mln 249 ming metr kub gazni yashirin ravishda o‘g‘irlagan parrandachilik fermasi aniqlandi.


dayjest

Senat huquq-tartibot xodimlari videolarini “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatishni taqiqlovchi o‘zgartirishni hali ham ko‘rib chiqmadi

O‘zbekiston Senati huquq-tartibot idoralari xodimlari faoliyatiga oid tasvirlarni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun jazoni nazarda tutuvchi o‘zgartirishni hali ko‘rib chiqqani yo‘q. Konstitutsiyaga ko‘ra, Senat qonunni ko‘rib chiqishi, aks holda hujjat to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga yuborilishi kerak edi.


dayjest

Xorazmda ayol tanishini bo‘g‘ib o‘ldirib, hovlisiga ko‘mib qo‘ygani aniqlandi

Xorazm viloyati Urganch shahrida 38 yoshli ayol o‘ziga tanish ayolni uyiga chaqirib, pul masalasida kelib chiqqan janjalda ro‘mol bilan bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ydi. Marhumaning jasadi gumonlanuvchining hovlisidan topildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.


Madaniyat

dayjest

“Sog‘inchimni qondirish uchun chizaman”. Umidjon Alimovning “Qishloq anatomiyasi” ko‘rgazmasidan reportaj

Toshkent Fotosuratlar uyida qishloq hayotini tasvirlashi bilan tanilgan rassom Umidjon Alimovning shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi. Bunda ijodkorning 25 ishi namoyishga qo‘yilgan bo‘lib, har bir suratga uning yaratilish tarixi haqidagi hikoyaga olib boruvchi QR-kodlar ilova qilingan.


Sport

dayjest

O‘zbekistonlik yosh qilichbozlar jahon chempionatida 4 ta medal oldi

Saudiya Arabistonida o‘tgan qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonliklar 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi. Sportchilar 27−28-aprel kunlari Parij-2024 litsenzion turnirida ishtirok etadi.


Jahon

dayjest

AQSh, Xitoy va Rossiya 2023-yilda ham eng ko‘p harbiy xarajat qilgan davlatlar bo‘ldi — SIPRI

2023-yilda dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar 6,8 foizga o‘sib, 2,44 trln dollardan ortiqni tashkil etdi, deyiladi SIPRI hisobotida. AQSh, Xitoy va Rossiya eng ko‘p harbiy xarajat qilgan davlatlar bo‘ldi. Rossiyaning xarajatlari SSSR parchalanganidan buyon eng yuqori darajaga yetdi.


dayjest

Hindistonda dunyodagi eng yirik saylovlar boshlandi. Asosiy ma’lumotlar

Hindistonda 44 kun davom etadigan parlament saylovlari boshlandi, unda salkam 1 mlrd saylovchi ishtirok etadi. So‘rovlar bosh vazir Narendra Modi boshchiligidagi hukmron Bharatiya Janata partiyasi g‘alaba qozonishini bashorat qilmoqda, shunday bo‘lsa, Modi ketma-ket uchinchi muddatga qayta saylanishi mumkin.


dayjest

Qozog‘istonda elektron sigaretalar taqiqlandi

Qozog‘iston prezidenti chekilmaydigan tamaki mahsulotlari va elektron sigaretalar, ularning suyuqliklarini olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni, shuningdek, reklama qilishni taqiqlovchi qonunni imzoladi.


Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!