O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi Turkiyadagi o‘zbekistonliklarni mamlakat hududida keng tarqalayotgan firibgarlikning navbatdagi turidan ogohlantirdi.

Ta’kidlanishicha, fuqarolar onlayn savdo orqali bergan buyurtmani bekor qilganlarida o‘zini advokat deya bildirib, sud, kargo xarajatlarini undirib olish holatlari qayd etilmoqda.

Telefon orqali o‘zini politsiya yoki maxsus kuchlar xodimi sifatida tanishtirib, hisobdan xorijdagi jinoiy yoki terrorchi guruhlarga to‘lov amalga oshirilganini aytib, asl jinoyatchini ushlash maqsadida yangi bir hisob raqamiga pul o‘tkazish holatlari ham uchramoqda.

“Bunday firibgarlar o‘zingizdan ma’lumotlarni olib o‘zingizga qarshi ishlatishi, firibgarlik va ishontirishda psixologik vositalardan foydalanishi yuzasidan harakat qilayotgani ma’lum bo‘lmoqda”, — deyiladi xabarda.

Konsullik bunday holatlarda o‘zbekistonliklarga quyidagilarni tavsiya qildi:

  • onlayn ravishda berilgan buyurtmani bekor qilishda belgilangan tartibda (iade) qaytarish;
  • telefon orqali o‘zini politsiya, sud, maxsus kuch xodimi deb tanishtirgan shaxslarga ma’lumot bermaslik;
  • o‘rnatilgan tartibda chaqirishlarini talab etish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq vakolatxona tarmoqlardagi ekstremistik kontentlardan ogohlantirgandi.