Haftaning prezident ishtirokidagi asosiy voqealariga bag‘ishlangan “Maxsus rakurs” loyihasi endi nafaqat o‘zbek va rus tillarida, balki qoraqalpoq tilida ham namoyish etiladi. Dushanba kuni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan yangi son birdaniga uch tilda chiqdi. U Shavkat Mirziyoyevning Ittifoqchilik shartnomasi imzolangan Dushanbega tashrifi va O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlariga bag‘ishlangan.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov “Gazeta.uz"ga shunday dedi: “Biz prezident faoliyati haqida qoraqalpoq tilida kontent yaratishni anchadan beri rejalashtirib kelayotgandik. Qoraqalpog‘istonga qilgan safarlarimiz davomida mahalliy yoshlar va jurnalistlar bilan muloqotda bo‘lganimizda yoritish uchun foydalanadigan formatlarimiz haqida, qoraqalpoq tilida kontent yaratishimiz qanchalik yaxshi bo‘lishi haqida ko‘plab ijobiy fikrlar eshitgandik”.

Shu bois Nukus shahrida Jo‘qorg‘i Kenges va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi ko‘magida alohida jamoa tuzilgan. “Maxsus rakurs"ning qoraqalpoq tilidagi varianti birgalikdagi ish natijasi bo‘lgan.

Loyiha ilk bor 2021-yil yanvar oyida televideniye orqali prezidentning mamlakat hududlari va xorijiy davlatlarga tashriflariga bag‘ishlangan maxsus reportaj ko‘rinishida paydo bo‘lgan edi. 2023-yil noyabr oyidan keng yoshlar auditoriyasini qamrab olish uchun “Maxsus rakurs” ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar uchun rils formatida chiqarila boshladi.

“Videolarning qoraqalpoq tilidagi versiyasi uchun jamoa tuzish va Nukusda ishlarni tashkil qilish biroz vaqt talab qilgani uchun qoraqalpoq tilidagi birinchi video mana endi chiqdi. Endi u boshqa versiyalar qatorida muntazam ravishda chiqariladi”, — dedi Sherzod Asadov.

Prezident matbuot xizmati hozirda qoraqalpoq tilida faqat “Maxsus rakurs” loyihasiga ega, biroq xizmat “qoraqalpoq tilidagi kontentni ko‘paytirish ishlarini davom ettirish niyatida”, — deya qo‘shimcha qildi u.