Toshkent shahrida ijara narxlari pasayishda davom etmoqda, deya qayd etdi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari.

2024-yil mart oyida fevralga nisbatan poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar ijara narxi o‘rtacha 0,61 foizga, to‘liq ta’mirlangan uy-joylar ijara narxi esa o‘rtacha 0,76 foizga pasaygan.

Infografika: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutiInfografika: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

O‘rtacha ta’mirlangan uy-joy ijarasi

2024-yil mart oyida bu toifadagi 1 xonali xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari fevral oyiga nisbatan o‘rtacha 0,6 foizga pasayib, 391 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2 xonali xonadonlar ijara narxlari 1,2 foizga arzonlab, o‘rtacha 436 dollargacha tushdi. Shuningdek, o‘rtacha ta’mirlangan 3 va 4 xonali uylar ijara narxlari mos ravishda 0,2 foiz va 0,4 foizga pasayib, o‘rtacha narxlar 513 dollar va 591 dollarni tashkil etdi.

O‘rtacha ta’mirlangan uylar uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali — 354 dollar, 2 xonali — 386 dollar, 3 xonali — 435 dollar, 4 xonali — 441 dollar), Olmazor (1 xonali — 359 dollar, 2 xonali — 414 dollar, 3 xonali — 454 dollar, 4 xonali — 489 dollar) tumanlarida taklif etilgan bo‘lsa, eng qimmat ijara narxlari Mirobod (1 xonali — 463 dollar, 2 xonali — 518 dollar, 3 xonali — 620 dollar, 4 xonali — 819 dollar) va Shayxontohur (1 xonali — 437 dollar, 2 xonali — 456 dollar, 3 xonali — 537 dollar, 4 xonali — 624 dollar) tumanlarida kuzatildi.

To‘liq ta’mirlangan uylar ijara narxlari

Mart oyida to‘liq ta’mirlangan 1 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari 472 dollarni tashkil etib, fevral oyiga nisbatan 0,8 foizga tushgan bo‘lsa, 2 xonali uylar uchun ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 644 dollar va 1,1 foizni tashkil etgan. Shuningdek, 3 xonali uylar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlarida (788 dollar) ham biroz (0,3 foiz) tushish kuzatildi. Shuningdek, to‘liq ta’mirlangan 4 xonali uylar o‘rtacha ijara narxlari ham 0,9 foizga tushib, 909 dollargacha pasaygan.

To‘liq ta’mirlangan turkumdagi uylar uchun eng arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali — 394 dollar, 2 xonali — 449 dollar, 3 xonali — 556 dollar, 4 xonali — 646 dollar) va Uchtepa (1 xonali — 396 dollar, 2 xonali — 496 dollar, 3 xonali — 622 dollar, 4 xonali — 646 dollar) tumanlarida hamda ushbu turkumdagi eng qimmat ijara narxlari Mirobod (1 xonali — 567 dollar, 2 xonali — 844 dollar, 3 xonali — 1024 dollar, 4 xonali — 1097 dollar) va Shayxontohur (1 xonali — 556 dollar, 2 xonali — 845 dollar, 3 xonali — 1050 dollar, 4 xonali — 1024 dollar) tumanlarida kuzatildi.

Ijara narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar olx.uz platformasidan veb skreping (web scraping) usulida to‘plangan. Bunda 2024-yil fevral oyi uchun 51,5 ming va mart oyi chun 52,2 mingta ma’lumotdan foydalanilgan. Ikkala davr uchun ham tahlil narxlar chegarasining yuqori va pastgi 5 foizlik kvantillari chiqarib tashlangandan keyin amalga oshiriligan.