Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida Damas avtomobili 25 nafar bola bilan harakatlangani aniqlandi. Bu haqda MY5 telekanalining Markaziy studiya axboriy dasturidagi lavhada ma’lum qilindi.

Videoda yo‘l-patrul xizmati xodimi bolalarni birma-bir sanab, mashina tashqarisiga chiqarayotganini ko‘rish mumkin. Aniqlanishicha, ular bog‘cha yoshidagi bolalar bo‘lib, MTMdan uylariga shu tarzda olib ketilayotgan bo‘lgan. Mashinaning old o‘rindig‘ida, shuningdek, yana bir yo‘lovchi harakatlangan.

Viloyat YHXB axborot xizmati katta inspektori Mansur Egamberdiyevning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, holat bundan 10−15 kun ilgari sodir bo‘lgan. Old o‘rindiqdagi ayol yo‘lovchi bog‘cha xodimi hisoblanadi. Ayolning aytishicha, odatda bolalar mashinada 6 nafardan tashib kelingan, ammo voqea sodir bo‘lgan kuni kechga qolib ketilgani uchun 25 bolani bir vaqtda mashinaga o‘tqizishga majbur bo‘lingan.

Haydovchi bilan suhbatlashilganda u uyida ayoli betob ekani va shu sababdan shoshganini bildirdi.

Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) va Yo‘l harakati qoidalarining 159-moddasi (Odamlarni tashish taqiqlangan holatlar) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, mashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Boshqa holatlar

Yosh bolalarni, ba’zan kattalarni ham mashinalarda, ko‘p hollarda Damas mashinasida belgilanganidan ortiq miqdorda tashish kuzatilib turadi. Jumladan, Buxoroda Spark`da 25 nafar bola, Namanganda Damas`da 25 nafar bog‘cha bolasi, Farg‘onada Damas`da 28 nafar bog‘cha bolasi, Samarqandda Damas avtomobilida 18 nafar yo‘lovchi — kattalar va bolalar, Surxondaryoda esa Damas avtomashinasida 25 bola tashilgani aniqlangan.