AQSh tashkilotlari ishtirokida amalga oshirilgan Ingliz tilida so‘zlashuvchi millat (English Speaking Nation — ESN) dasturi doirasida O‘zbekiston bo‘ylab 18 000 dan ortiq ingliz tili o‘qituvchisi o‘qitildi. To‘rt yil davom etgan, qiymati 7 million dollar bo‘lgan ushbu dastur 20-aprel kuni yakunlandi, deb xabar berdi AQSh elchixonasi matbuot xizmati.

Dastur 2019-yil noyabr oyida AQShning Toshkentdagi elchixonasi hamda O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan. Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari tomonidan amalga oshirilgan ushbu qo‘shma tashabbus O‘zbekistondagi ingliz tili o‘qituvchilariga o‘z o‘quvchilarining til bilish malakasini oshirish uchun samarali o‘qitish metodologiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan.

Mazkur kompleks dastur O‘zbekiston bo‘ylab o‘rta maktablarning ingliz tili o‘qituvchilariga intensiv malaka oshirish imkoniyatlarini taqdim etdi. Xususan, 452 nafar o‘qituvchi TESOL dasturi bo‘yicha yuzma-yuz o‘tkazilgan 140 soatlik kurs orqali xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlarga ega bo‘ldi. 66 nafar o‘qituvchidan iborat guruh 2024-yil 16-mart kuni TESOL kurslarini tamomladi.

english speaking nation, esn

Bundan tashqari, 693 nafar ingliz tili o‘qituvchisi o‘z hamkasblarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida butun mamlakat bo‘ylab ekspert o‘qituvchilar tarmog‘ini shakllantirib, trener va murabbiy bo‘lish uchun 60 soatlik ixtisoslashtirilgan kursda qatnashdi. Bu o‘qituvchilar ESN dasturi doirasida O‘zbekistonning har bir mintaqasidan jami 18 000 dan ortiq o‘qituvchini o‘qitdi. O‘qituvchilarning yakuniy guruhi 2024-yil mart oyida ushbu treninglarda qatnashdi, natijada dasturda o‘qitilganlarning umumiy soni 18 ming nafardan oshdi.

english speaking nation, esn

“O‘qituvchilarning xabar qilishlaricha, mazkur dastur ularga o‘z darslarini to‘g‘ri rejalashtirishda yordam bergan hamda o‘z maktab jamoalarida yetakchi bo‘lishlarida qo‘llab-quvvatlagan. Maktab direktorlari ham o‘qituvchilarning innovatsion ta’lim usullarini e’tirof etishmoqda. O‘quvchilar esa ingliz tilida ko‘proq gaplashmoqda va til ko‘nikmalarini tobora rivojlantirib bormoqda”, — dedi AQSh elchisi Jonatan Henik.

ESN haqida qo‘shimcha ma’lumotni mazkur havola orqali olish, savollarni esa esn@americancouncils.org elektron pochtasiga yo‘llash mumkin.