Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri va sobiq bosh vaziri Devid Kemeron 23-aprel kuni O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda mamlakat elchixonasi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Devid Kemeron Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan muzokaralar o‘tkazadi. Uchrashuv davomida mintaqaviy xavfsizlik, ta’lim, iqlim o‘zgarishi, ikki tomonlama savdo hamda biznes aloqalari kabi sohalarda “har doimgidan ham o‘sib borayotgan hamkorlikni yanada olg‘a surish” muhokama qilinadi.

Kemeron Toshkentga Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati va Mo‘g‘ulistonga rasmiy tashrifi doirasida keladi. Safardan ko‘zlangan maqsad mintaqadagi iqtisodiyot, ta’lim hamda mustaqillikni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga oxirgi marta 1997-yil fevralida Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri tashrif buyurgan va u Malkolm Rifkind edi.