21-aprel kuni Ozarbayjonning Ganja shahrida O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi birinchi faxriy konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qilmoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Marosim shahar ijro hokimiyati boshlig‘i Niyazi Bayramov, Turkiya va Gruziya bosh konsulxonalari rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari, ilm-fan namoyandalari, faol vatandoshlar va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonning Ozarbayjondagi birinchi faxriy konsuli etib Kyanan Jalilov tayinlandi.

Kyanan Jalilov.Kyanan Jalilov.

Konsulxona o‘z okrugi doirasida fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonga investitsiya va sayyohlarni jalb etish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi, deyiladi xabarda.

Rasmiy ochilish marosimidan so‘ng elchixona xodimlari tomonidan ushbu shaharda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar uchun sayyor qabul tashkil etildi.