Oliy Majlis Senati ichki ishlar organlari xodimlarining ish faoliyatiga oid foto va videolavhalarni “obro‘sizlantirish maqsadida” internet tarmog‘ida e’lon qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan qonunni haligacha ko‘rib chiqmadi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hujjat hali ham Senatda bo‘lib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgani uchun sinchiklab o‘rganilyapti.

Qonunchilik palatasi bu hujjatni 2023-yil 28-noyabr kuni qabul qilgan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 99-moddasiga muvofiq Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay Senatga yuboriladi. Senat tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqiladi va ma’qullangan taqdirda, imzolanishi va e’lon qilinishi uchun prezidentga o‘n kundan kechiktirmay yuboriladi. Agar Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, qonun Qonunchilik palatasi tomonidan imzolanishi va e’lon qilinishi uchun prezidentga yuboriladi.

Parlament quyi palatasining 28-noyabrdagi qarorida ham agar Senat ushbu qonun Senatga kelib tushgan kundan boshlab 60 kun ichida tegishli qaror qabul qilmasa, hujjat bevosita prezidentga yuborilishi aytilgan.

Avvalroq Qonunchilik palatasi qonun belgilangan muddatda taqdim etilganini ma’lum qilgandi. “Gazeta.uz"dagi ma’lumotlarga ko‘ra, hujjat 2023-yil 5−6-dekabr kunlari Senatga yuborilgan bo‘lishi kerak.

Shunday qilib, agar Senat 5−6-fevralgacha yig‘ilish o‘tkazmasa va ushbu qonun yuzasidan qaror qabul qilmasa, u prezidentga imzolanish uchun yuborilishi lozim edi.

Qonun nima haqida?

Muhokamaga sabab bo‘layotgan qonun “mamlakatda sodir etilayotgan og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va yo‘l harakati qoidalarini tartibga solishga maqsadida” tayyorlangan. Qonunning birinchi qismida haydovchilarning qoidabuzarliklariga doir bir qator jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Xususan, qonun orqali 2018-yildan buyon joriy etilishi kutilayotgan jarima ballari tizimi ham nihoyat ishga tushirilishi kutilayotgandi. Ammo Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan mazkur qonunning ikkinchi qismiga jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan “obro‘sizlantirish” normasi ham qo‘shib ketildi.

Ushbu normaga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetga joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (17 mln so‘m) miqdorida jarima solishga yoki 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev qonunning ikkinchi qismida taklif etilgan norma mamlakatdagi ochiqlik siyosatiga, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyiliga zid ekanini ta’kidlab, huquq-tartibot idoralarida aholi va yurt xavfsizligini ta’minlovchi minglab vatanparvar xodimlar faoliyat yuritayotgani, biroq ular orasida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzayotgan xodimlar ham borligini qayd etib o‘tgan edi.

Shuningdek, u qonunchilikda ushbu huquqbuzarlik uchun moddalar allaqachon mavjudligini bildirib o‘tgan.

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi 11-yanvar kuni qonun loyihasi muhokamasini tashkil etgan. Jurnalistlar qonunning suiiste’mol qilinish xavfi borligini ko‘rsatib, mazkur qoidaga qarshi chiqqan. Senator va Ichki ishlar vazirligi vakillari ushbu tuzatishning ahamiyatini oqlashga harakat qilgan.

Ko‘plab jamoatchilik vakillari qonundagi aynan ushbu normaga e’tiroz bildirib, qolgan qismiga e’tiroz yo‘q ekanini ta’kidladi.

“Mast holda mashina haydaganlarga javobgarlik kuchaytirilishi ham, jarima ballarining qo‘llanilishi ham, avtomaktab bilan bog‘liq qismlarini ham — hammasi zo‘r, bu kutilgan qonun va uni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo asosiy e’tiroz huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini video yoki fotosuratga olib, internetga joylaganlik uchun ma’muriy qamoq darajasigacha bo‘lgan javobgarlikni belgilash haqidagi qismiga edi. Umuman masalaning mohiyati shu edi. Hozir necha nafar odam o‘lgani, haydovchilarni tarbiyalashimiz kerakligi, ahvol chatoqligi haqida gapiryapmizda, xuddiki shu bilan mana shu moddani xaspo‘shlayotgandek bo‘lib qolyapmiz”, — dedi, xususan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Xushnud Xudoyberdiyev 11-yanvardagi yig‘ilishda.