Stokgolm xalqaro tinchlik masalalarini tadqiq etish instituti (SIPRI) hisobotiga ko‘ra, 2023-yilda dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar 2,44 trln dollardan ortiqni tashkil etdi. Xarajatlar yil davomida 6,8 foizga o‘sdi, bu 2009-yildan (6 foiz) beri eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi hisoblanadi.

“2023-yilda jahondagi harbiy xarajatlarning oshishi, birinchi navbatda, Ukrainada davom etayotgan urush va Osiyo hamda Okeaniya, shuningdek, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlikning kuchayishi bilan bog‘liq”, — deyiladi hisobotda.

SIPRI mualliflari harbiy xarajatlar barcha besh geografik mintaqada oshganini, asosiy o‘sish Yevropa, Osiyo va Okeaniya hamda Yaqin Sharqda qayd etilganini ta’kidladi.

SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, mudofaa xarajatlari bo‘yicha yetakchi beshta davlat nomi 2022-yildagi nisbatan o‘zgarmay qolgan:

  • AQSh — 2023-yilda 916 mlrd dollar (YAIMning 3,4 foizi)
  • Xitoy — 296 mlrd dollar (YAIMning 1,7 foizi)
  • Rossiya — 109 mlrd dollar (YAIMning 5,9 foizi);
  • Hindiston — 83,6 mlrd dollar (YAIMning 2,4 foizi);
  • Saudiya Arabistoni — 75,8 mlrd dollar (YAIMning 7,1 foizi).

Qayd etilgan besh davlat hissasiga global harbiy xarajatlarning 61 foizi to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, Xitoy va AQSh ulushiga jahon mudofaa xarajatlarining yarmi to‘g‘ri keladi — mos ravishda 37 va 12 foiz. AQSh bu sohaga Xitoydan uch baravar ko‘p pul sarflamoqda.

Birinchi o‘nta davlat qatoridan, xususan, hududida urush davom etayotgan Ukraina ham o‘rin olgan (8-o‘rin). Mamlakat bu yo‘nalishda 64,8 mlrd dollar ishlatgan, bu 2022-yilga nisbatan 51 foizga va Rossiya Qrimni anneksiya qilgan 2014-yilga nisbatan 1272 foizga ko‘p. Taqqoslash uchun: SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda Rossiyaning mudofaa sohasidagi xarajatlari 24 foizga, 2014-yildan beri esa 57 foizga oshgan.

Rossiya 2023-yilda yalpi ichki mahsulotning 5,9 foizini va barcha davlat xarajatlarining 16 foizini harbiy xarajatlarga sarfladi, bu Sovet Ittifoqi parchalanganidan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir, deya qayd etgan SIPRI.

“Rossiyaning 2023-yildagi harbiy xarajatlari haqidagi ma’lumotlar 2022-yilda Ukrainaga to‘laqonli bostirib kirish ortidan Rossiya moliya organlarining shaffofligi kamayib borayotgani sababli o‘ta noaniq”, — deyiladi hisobotda. Nashr mualliflarining ta’kidlashicha, Rossiyada harbiy sohaga budjet mablag‘laridan tashqari korxonalar, jismoniy shaxslar va tashkilotlar kabi budjetdan tashqari manbalardan ham pul ajratiladi.

Hisobotda aytilishicha, Ukraina mudofaa xarajatlari Rossiya xarajatlariga nisbatan 59 foizini tashkil qilgan, biroq G‘arbning kamida 35 mlrd dollarlik harbiy yordami hisobga olinsa, bu ko‘rsatkich 91 foizgacha ko‘tariladi.