Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev qonunchilikka veyplarni (elektron sigaretalar) taqiqlovchi o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, veyplar, ular uchun aromatizatorlar va suyuqliklarni sotish va tarqatishni, shuningdek, ularning reklamasini taqiqlashni nazarda tutadi.

Akorda xabarida aytilishicha, hujjat “yoshlar o‘rtasida nikotin saqlovchi moddalar tarqalishining oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rishga” qaratilgan.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 60 kundan keyin kuchga kiradi.

Chekilmaydigan tamaki mahsulotlari va veyplarni olib kirish, ishlab chiqarish, sotish va tarqatish 738,4 ming tengegacha (taxminan 1650 dollar) jarima yoki axloq tuzatish ishlari va 50 sutkagacha qamoq bilan jazolanadi.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonga elektron sigaretalar olib kirish va sotishni taqiqlashni taklif qilgan edi. Vazirlik elektron sigaretlardan foydalanish, ayniqsa, yoshlar, jumladan, maktab o‘quvchilari orasida ko‘payganini qayd etgandi.